Pedagoglardan iborat jamoa fazilatli bo‘lishi kerak

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Muborak kunlarda ehson qilishning savobi ulug‘. Bu xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri sanaladi. Ayniqsa, xasta insonlarga umid va taskin berish xayrlidir.

Hamyurtimiz M.O‘roqboyevning og‘ir xastalikka chalingani haqidagi xabarni taassuf bilan qarshi oldik. O‘quvchi yigit o‘tkir leykemiya (oqqon) bilan kurashmoqda ekan. Xorijda davolatish katta mablag‘ talab etadi. Bu esa oddiy mehnatkash oilani qiynab qo‘yishi tabiiy.

Saxovatpesha yurtdoshlarimizga ijtimoiy tarmoqlarda qilingan murojaat jamoamizni befarq qoldirmadi. Yurtdoshimizni og‘ir kunda yolg‘iz qoldirmaslik, uni davolatish uchun baholiqudrat hissa qo‘shish maqsadida hamkasblar maslahatlashdik. Quvonarlisi, ko‘pchilik ushbu xayrli ishni qo‘llab-quvvatladi. Yig‘ilgan mablag‘ bemorning hisob-raqamiga o‘tkazib berildi.

Jamoamiz bu borada ahil. Yaqinda maktabimizda ko‘pdan beri mehnat qilib kelayotgan xodimlarimizdan birining boshiga tashvish tushdi. Turmush o‘rtog‘i og‘ir xastalikka chalingan ekan. Jamoaning birdamligi qo‘l keldi. Ko‘plashib qilingan sa’y-harakatlar sabab hamkasbimizga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Bu yil 1-sinfga keladigan bolajonlarimizdan biri yurak xastaligidan aziyat chekmoqda. Savobli ishlarning davomi sifatida unga ham homiylik asosida dori-darmon uchun mablag‘ yig‘ildi.

Bu misollarni eslab o‘tayotganimiz bejiz emas. Ulug‘ bobokalonimiz Abu Nasr Farobiy “Fozil odamlar shahri” asarida “Ezgu maqsad yo‘lida birlashgan jamoa eng fazilatli jamoadir”, deya ta’kidlaganlar.

Bugun mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni nishonlanmoqda. Maktabimizda faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan faxriy ustozlarimizni yo‘qlab bordik. Ularning hayotiy tajribalari, bugungi ta’lim tizimidagi islohotlar haqida suhbatlashdik, maslahatlarini oldik. Ustozlarimizga har qancha hurmat ko‘rsatsak oz. Zero, jamoamizda ahillik, birdamlik va bag‘rikenglik muhiti shakllanishida ularning ulkan xizmatlari bor.

Shohista NAMOZOVA,
40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori, tuman kengashi deputati.

 

2015-2024 © Хокимият Джамбайского района. Разработан в: SAKTRM