17 ming 635 nafar aholiga yer ajratiladi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Avval xabar qilganimizdek, tumanimizda g‘alla mavsumi jadallik bilan davom etmoqda. E’tiborlisi, hosildan bo‘shagan maydonlar shu kunning o‘zida takroriy ekin uchun aholiga ajratib berilyapti. Jumladan, 2-sektor hududida joylashgan “Mansurov Muzaffar fayzli zamini” fermer xo‘jaligi yerlaridan Polvonariq mahallasida istiqomat qiluvchi 13 nafar ehtiyojmand oilalarga 30 sotixdan ajratildi.

– “Ayollar daftari”da turaman, – deydi M.Hayitaliyeva. – Bugun ikkinchi ekin uchun yer berishdi. Bizni xursand qilgani, maydon haydalgan, tayyor holda ekan. Oilamiz bilan mosh ekyapmiz. Mehnat qilib, 300-350 kilogramm hosil olsak, ro‘zg‘orimiz uchun katta yordam bo‘ladi.

Qayd etish joizki, joriy mavsumda 5761 gektar sug‘oriladigan maydon “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi 17 ming 635 nafar jomboyliklarga ajratilishi rejalashtirilgan.

– Gʻalla o‘rib bo‘linishi bilan maydon aholiga biriktirilyapti, – deydi qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari A.Ikromov. – Ularga qaysi hududda qanday ekin yaxshi hosil berishi yuzasidan tavsiyalar ham berilmoqda. Kelgusida sotish uchun eksportyor korxonalarning amaliy yordami ham taklif qilinadi. Umumiy maqsadimiz ehtiyojmand aholiga ko‘maklashish, “daftar”dagi yurtdoshlarimiz daromad olishlari uchun yordam ko‘rsatishdan iborat.

***

Gʻalla shtabida ushbu masala yuzasidan sektor rahbarlari, mahalla faollari va qishloq xo‘jaligi mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda har bir hududdagi ehtiyojmand aholining aniq hisobi yuritilishi, ularning hech birini e’tibordan chetda qoldirmaslik bo‘yicha fikrlar bildirildi. Tuman hokimi so‘zga chiqib, g‘alla o‘rib olingach, shu kunning o‘zida belgilangan oilalarga ajratib berilishi zarurligini ta’kidladi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM