Hokimlik xodimlarini noqonuniy ishga da'vat etmang

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Facebook foydalanuvchisi Muhiddin Boliyev bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali Jomboy tumani hokimiga qator savollar bilan murojaat qildi. Mohiyatga oydinlik kiritish uchun masalaning ayrim jihatlarini ochiqlashni lozim topdik.

M.Boliyev 23-iyul kuni tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Jo‘rabek Rajabov bilan uchrashgan. O‘zini viloyat kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi vakili sifatida tanishtirib, tumandagi 1-son kasb-hunar maktabiga umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini jalb etish sust ketayotgani, bu borada hokimlik tomonidan maktab direktorlariga topshiriq (!) berilishi zarurligini ta’kidlagan.

Hokim o‘rinbosari topshiriq berolmasligi, ammo boshqarma targ‘ibot ishlarini tashkil etsa, yordam berishini ma’lum qilgan.

M.Boliyev 24-iyul kuni tuman hokimining matbuot kotibi Orifjon Odilovga telefon orqali bog‘langan. O‘zini bloger (?) deb tanishtirib, yuqoridagi masalada hokim o‘rinbosari yordam bermayotgani, agar kasb-hunar maktabiga o‘quvchilar kontingenti yetarlicha jalb etilmasa, “boshqacha chora ko‘rilishini” bildirgan.

O‘quvchilarni kasb-hunar muassasasida o‘qishga hech kim majburlay olmasligi, bunga hokimlik ham vakolatli emasligi matbuot kotibi tomonidan “bloger”ga tushuntirilgan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay M.Boliyev har ikki hokimlik vakiliga tahdidli SMS-xabar yuborgan.

Alohida urg‘u qaratishni istardikki, Jomboy tuman hokimligi ta’lim tizimining funksional faoliyatiga aralashmaydi va sohaga qaratilgan har qanday bosimga qarshi turadi.

Bloger yoki viloyat boshqarmasi mas’uli bo‘lishidan qat’iy nazar, hech kim mahalliy davlat hokimlik organi mas’ullarini noqonuniy ishga da’vat etishga haqli emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Muhiddin Boliyevning savollariga javob qaytaramiz:

1-, 2-savollarga: Muhitni nosog‘lomlashtirishga qaratilgani va mantiqsizligi uchun ushbu savollarga javob berishni lozim topmadik. Qolaversa, yuqorida ushbu savollarga izoh bo‘la oladigan yetarlicha tushuntirish berildi.

3-savolga: Kasb-hunar maktabi qarshisidan kavlangan handaqlar elektr tarmog‘i uchun emas, 4-telekommunikasiya bog‘lanmasining Bulung‘ur-Jomboy magistral tarmog‘ini yangilash maqsadida qazilgan. Ayni paytda jarayon davom etmoqda.

4-, 5-savollarga: Xalqaro M-39 avtomobil yo‘lida bekat qurish va “radar” o‘rnatish tuman hokimligi vakolatiga kirmaydi. Bu borada tegishlicha, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasiga murojaat qilishingiz mumkin.

 

Viloyat kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasidan soha xodimining xatti-harakatiga baho berishlarini so‘raymiz.

Tuman hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM