Kartoshka yetishtirish kamaygan, ozuqabop ekinlar-chi?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Dalalarda takroriy ekin ekish ishlari davom etyapti. Dastlabki  kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, tumandagi fermer xo‘jaliklari va omorqa yer egalari tomonidan kartoshka, sabzi yetishtirish biroz kamaygan. Gʻalladan bo‘shagan maydonlarga mosh, loviya urug‘lari qadalyapti. Bu bilan aholining qish va bahor oylarida oziqovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qanchalik qondirish mumkin? Asosiy iste’mol mahsuloti sanalgan kartoshka yetishtirishni kamaytirish narx-navo barqarorligiga ta’sir qilmaydimi?

– Tumanimizda 562 ta fermer xo‘jaligi tomonidan ertagi va g‘alladan bo‘shagan 8 154 gektar maydonga takroriy ekin ekilmoqda, – deydi qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Rustamov. – Shundan 420 gektar maydonga sabzavot ekilyapti. Qariyb to‘qson gektar sabzi, yuz gektar sholg‘om, yuz gektar turp va oltmish gektar karam ekiladi.

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan yili 1970 gektar maydonda kartoshka ekilgan. U.Rustamovning aytishicha, joriy mavsumda g‘alladan bo‘shagan 1 ming 900 gektar maydonda kartoshka parvarish qilinmoqda. Demak, o‘tgan yilga nisbatan 70 gektar kam ekilgan. Xo‘sh, bunday yondashuv asosiy iste’mol mahsuloti hisoblangan kartoshkaning taqchil bo‘lishi, narx-navo oshishiga olib kelmaydimi?

– Tuman bo‘yicha o‘tgan yili 11 ming gektardan ortiq maydonda g‘alla ekilgan edi, – deydi U.Rustamov. – Bu yil esa 8 ming 735 gektar, ya’ni g‘alladan bo‘shagan maydonlar qisqargan. Shuning hisobiga takroriy ekin miqdori ham kamaydi. Lekin bu qisqarish qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Poliz ekinlari boshqa tuman va viloyatlardan kirib kelishini ham hisobga olish kerak. Hozirgi kunda kartoshka urug‘lari eksportyor korxonalar tomonidan fermerlarga yetkazib berilyapti. “Arizona”, “Evolution” va boshqa turdagi hosildor urug‘lar ekilyapti.

Bundan tashqari, dukkakli don ekinlaridan 1648 gektar mosh va 1814 gektar loviya urug‘lari yerga qadaldi. 2072 gektar maydonda chorva hamda parranda ozuqasi hisoblangan makkajo‘xori yetishtiriladi. Urug‘, mineral o‘g‘it, texnika xizmatlari, ish haqi va boshqa harajatlar uchun jami 114 million 113 ming so‘m mablag‘ sarflangan. Ushbu summaning 96 million 996 ming so‘mi o‘z mablag‘i, 17 million 117 ming so‘mi kredit mablag‘i hisoblanadi.

Xususan, “Nazar barakali yerlari” fermer xo‘jaligi ikki gektardan ortiq maydonda kartoshkaning “Santa” navini yetishtirmoqda.

– Pokistondan keltirilgan urug‘ni yerga qadadik, – deydi xo‘jalik agronomi Sardor Toshpo‘latov. – 90 kunda pishib yetiladi. Gektaridan 30-35 tonnadan ortiq hosil olishni rejalashtirganmiz. Ekinlarga dastlabki qarov ishlari amalga oshirildi.

Ahror SHAMSIYEV.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM