Intiq kutilgan kitob...

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Bugun tongda “Yuragimdasan, Jomboy” almanaxini qo‘limga oldim. Unda jomboylik shoir-yozuvchilar, publitsistlarning ijod namunalari o‘rin olgan. Bu kitobni ustozimiz Shokirjon Sheraliyev bizdan ko‘proq kutgan edi...

Agar mazkur to‘plam bir hafta avval yetib kelganida ustozning quvonchiga guvoh bo‘lardim. Banda shunday, “agar”, “mobodo”, “qaniydi”lar bilan o‘zini ovutadi. Ammo Allohning irodasi boshqa.

2016 yil, 26 avgust. “Jomboy tongi” gazetasiga muharrir etib tayinlandim. O‘sha kuni tuman rahbarlari qatori faxriy ijodkorlar ham tahririyatda jam bo‘lishdi. Ular orasida Shokirjon aka ham bor edi. Menga oq yo‘l tilashdi, ishga kirishdim.

Qo‘lingizga birinchi marta muhrni olish, tashkilot hisob-kitobi bilan shug‘ullanish faqat ijod qilib kelgan odam uchun osonmas. Xuddi shu holatda edim. Ma’lum vaqt jamoani shakllantirish, tahririyat nizomi, endi gazetani qanday chiqaraman, degan o‘y va rejalar, umuman, kichikroq strategiyam bilan band bo‘ldim. Ikki-uch oy o‘tib ketdi. Bu orada Shokirjon aka jiddiy xastalikni boshdan o‘tkazgani haqida eshitdim.

Shu o‘rinda bir holatni eslashim kerak. Tahririyatga kelgan ijodga aloqador kishi borki, Shokirjon akani gazetaga jalb qilish kerakligi haqida gapirardi. Tumandagi katta avlod vakillari ham bu odam haqida hurmat bilan so‘zlardi. Tanigan-bilganlar ko‘p edi. Darvoqe, muharrir bo‘lib tayinlangan kunda akani birinchi marta ko‘rgan bo‘lsam ham u kishi haqida ilgari ko‘p iliq gaplar eshitgandim. Ustozim Farmon Toshev “Shokirjon qalin jo‘ram. Bag‘rikeng. Siyosati bor, menga o‘xshab ja kulib kutib olmasayam, yaqin bo‘lib ketasan. Salohiyatidan foydalan”, degandi.

Xullas, birinchi marta Shokirjon akaning uyiga bordim. Yaqinda jiddiy xastalikni o‘tkazib, endi oyoqqa turgani uchun yuzida horg‘inlik alomati bor edi. Ancha vaqt suhbatlashdik. Eski tanishlarday gaplashdik. Boshqalar aytganidek emas, akaning siyosati faqat zohirda ekan. Demak, ustozning yirik kelbati, bosiqligi hech kimni chegaradan o‘tishiga yo‘l qo‘ymagan.

O‘sha suhbat hamma narsani hal qildi. Men bu insonni hurmat qilmasligim mumkin emas. Bu kishi menga kerak, odamlarga, jamiyatga kerak.

Uylaridan chiqar chog‘imiz “Ustoz, hassa sizga yarashmaydi. Mayli, hozircha uni tashlamang, ammo tahririyatga tez-tez borib turing. Har sonda sizni tarjimangiz yoki maqolangiz uchun joy ajrataylik. Bir paytlar ishlagan xonangiz o‘zingizniki, birov xalal bermaydi. Erinsangiz, telefon qiling, yozgan narsangizni uyingizdan olib ketamiz”, dedim. Xursand bo‘ldilar. Duo qildilar.

Ko‘p o‘tmadi, ustoz tahririyatga keldi, yangi tarjimalar bilan. U kishi “Мир новостей”, “Аргументь и факты”ni muntazam o‘qib borardi. Balki tumanda bu gazetalar yaqin kunlargacha ham faqat Shokirjon akanikiga kelib turgandir... Adabiyot, madaniyat, siyosatga oid ko‘plab maqolalari, tarjimalarini berdik bu yillar davomida.

Shokirjon aka har yili viloyat miqyosidagi tadbirlarda qatnashadigan bo‘ldi. Eski do‘stlari, davradoshlari bilan uzilib qolgan aloqalar tiklandi. 2018-yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining faxriy yorlig‘i berildi. Sovg‘a va gullari bilan yarim tunda uylariga olib borib qo‘ydim. “Rosti uka, juda xursandman. Kutmagandim. Shu yoshga kirib, bugungidek e’tirof etilmaganman”, dedi. Ochig‘i, o‘sha kuni Shokirjon aka safga qaytdi, deb o‘zimcha o‘yladim. Bir holatdan saboq chiqardim.

Ustoz katta davralarda uloqni bermaydiganlarning salohiyati, bilimi bo‘lsa-da, o‘zini markazga urmagan. Kamtar yashagan. “Iymanaman”, deganini ko‘p eshitganman. Tahririyatga kelsa, xonamda turgan istalgan kitob, gazeta-jurnalni olib ketardi. Ikki kunda qaytarib kelib, muhokamaga chog‘lanardi. Uyalib qolardim. Chunki bir necha kun avval qiziqib xarid qilgan kitobimni hali o‘zim o‘qimagan bo‘lardim...

Shokirjon akaning materiallari to‘planib qoladigan vaqtlar ham keldi. Ustoz ko‘p yozadigan bo‘ldi. Butun boshli sahifalarni u kishi uchun ajratdik. Xuddi birinchi maqolasi e’lon qilinadigandek yangi sonni kutdi, materiallari e’lon qilingach esa o‘smirdek quvondi.

“Falonchi tadbirkor katta aroq do‘koni ochibdi. Ixtiyori, pul uniki. Qaniydi, yonidan bitta kitob do‘koni ham qursa”, derdi. Ustozning bilgani kitob edi. O‘ylagani mutolaa edi. 

Ba’zan do‘stlik, birodarlik, yaqinlik yosh ham, makon ham tanlamas ekan. Nasib etdi, ro‘baro‘ qildi. Ustozning yoshi otamdan ham katta. Doim samimiy bo‘ldi, yosh bir yigit-da, deb qaramadi.

Shokirjon Sheraliyev “qotib qolmagan” odam edi. So‘nggi yillarda internet jurnalistikasi rivojlandi va ustoz yetakchi internet nashrlarini ham muntazam kuzatib bordi. Internetdagi chiqishlarimga baho berib ketish, yangi-yangi mavzular taklif qilish uchun alohida tahririyatga kelardi.

Afsus, bu bitiklarni yozyapman-u, shu suhbatlarimiz yaqin uch-to‘rt hafta ichida ham bo‘lganini eslash og‘ir bo‘lyapti. Ustoz haqida o‘tgan zamon fe’lida yozish chindan-da og‘riqli...

“Yuragimdasan, Jomboy” to‘plami hozir stolim ustida. To‘plamning tahrir hay’ati raisi Shokirjon Sheraliyev. Kitobning xomaki nusxasini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Oyxumor Asadova bilan birga o‘qib berishdi. Balki Shokirjon aka o‘qigan oxirgi kitob shu bo‘lgandir...

Ustozimiz xastalikka chalinib qoldi. Maxsus markazda yotganda holatini o‘g‘illaridan eshitib turdik. Vafotidan bir necha soat avval hushiga kelib, to‘plamni so‘rabdi!

Kitobning so‘nggi sahifasida bosishga ruxsat berilgan sanasi bo‘ladi. E’tibor qildim, u kishining vafotidan bir kun avval bosmaxonaga topshirilgan ekan. 

Shokirjon akaga aytmagandim, to‘plamning boshiga u kishini qo‘ygandik... “Jomboydan chiqqan jadid” sarlavhali maqolasi bilan kitobni boshlagandik.

Uzr, ustoz! Yalqovlik qildim, kitobning chop etilishi kechikdi. Alloh sizdan rozi bo‘lsin!

Isomiddin PO‘LATOV.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM