Hosil cho‘g‘i har gektardan 70 sentnerga yetdi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mamlakatimizda g‘alla yetishtirish va sotish bilan bog‘liq jarayonlar isloh qilindi. Joriy yilning 1-iyunidan boshlab g‘allachilik klasteri va fermerlarga bug‘doyni to‘liq erkin sotish huquqi berildi. Prezidentimizning bu boradagi qaroriga ko‘ra, endilikda g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda ham bozor narxlariga amal qilinadi.

Ayni paytda, tumanimizda o‘rim mavsumi boshlangan. Joylarda peshona teri evaziga yetishtirilgan hosil yig‘ib olinmoqda.

– Jomboylik dehqonlar 8735 gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarishlashdi, – deydi tuman g‘alla shtabi a’zosi Sherzod Bo‘riyev. – Shundan 7935 gektari tovar-don, 800 gektari urug‘lik hisoblanadi. Hozir 18 ta xo‘jalikda o‘rim jadal sur’atda bormoqda. Har gektardan 61-70 sentener hosil olinayotgani hosilning cho‘g‘idab darak.

Ma’lumot uchun, bu yil tumanimiz sohibkorlari 25 ming 857 tonna xirmon ko‘tarishni maqsad qilishgan. Shundan 18 ming 438 tonnasi davlat xaridiga yo‘naltiriladi. Qolgan qismi vaqtinchalik saqlashga olinadi.

– Joriy mavsumda 15 gektar maydonga “Farboma” navidan ekkandik, – deydi “Davron agro fresh” fermer xo‘jaligi raisi Shohrux Davronov. – Yetilgan hosilni peshma-pesh yig‘ib olyapmiz. Shartnomaga ko‘ra, 44 tonna reja belgilangan. Davlat xaridi uchun birja bo‘yicha 3 ming so‘mdan sotyapmiz.

Qayd etish joizki, xalqimiz rizqini nes-nobud qilmay yig‘ib olish uchun mavsum oldidan 26 ta yuqori unumli kombaynlar hozirlangan. Ta’mirlash va zaxira ehtiyot qismlari uchun qariyb bir milliard so‘m ajratilgan.

Ahror SHAMSIYEV.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM