Ijroga mas’ul bor, mas’uliyat yo‘q

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan korxona va tashkilotlarda ijro intizomi o‘rganilmoqda. Jumladan, elektr tarmoqlari korxonasida hujjatlar yuritilishi holati hamda murojaatlar bilan ishlash tizimi tahlil qilindi.

Aniqlanishicha, korxona rahbarining yillik ish rejasi ishlab chiqilgan. Ammo yuqori tashkilot tomonidan tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, yilning birinchi yarmi yakunlangan bo‘lsa-da, energiya sotish bo‘limi boshlig‘i (K.O‘tanov), “ASKUE” bo‘limi boshlig‘i (A.Po‘latov), tashkilot yuristi (O.Ergashev) va tashkilot bosh hisobchisi (J.Usmonov) tomonidan ish reja ishlab chiqilmagan. Bu o‘z navbatida, tegishli mutasaddilarning kundalik vazifasini tizimli tashkil etmasligi, lavozim majburiyatlari ham palapartish ekanidan dalolatdir.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlar kitobi betartib yuritilgani esa yanada achinarli.

Aniqlanishicha, yil boshidan beri tashkilotga 161 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 12 tasining ijrosi ta’minlanmagan, 21 tasining ijrosi esa qonunda belgilangan muddatdan kechiktirilgan.

Misol uchun, 2022-yil 7-aprel kuni tumanimizda bo‘lib o‘tgan respublika sud-huquq tizimi vakillari ishtirokidagi sayyor qabulda aholidan elektr ta’minotiga doir 8 ta murojaat tushgan bo‘lib, 2 tasi bugungi kunga qadar ijroga qaratilmagan.

Bundan tashqari, hukumat qarorida ish hujjatlari lotin yozuviga to‘liq o‘tkazilishi belgilangani holda tuman elektr tarmoqlari korxonasining ayrim hujjatlari, javob xatlari hanuz kirill alifbosida rasmiylashtirilmoqda.

Ijro intizomiga mas’uliyatsiz munosabat “Is_DocFlow”, ijro.srdv.uz, ijro.gov.uz tizimlarida ham ko‘zga tashlanadi. Olaylik, “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi bo‘yicha tumandagi iste’molchilarning 5,5 foizi hanuzgacha (“ASKUE”) hisoblagichlari bilan ta’minlanmay qolyapti.

Bir jihat bizni o‘ylantirdi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasida ijro intizomi va hujjatlar bilan ishlashga O.Berdiqulov mas’ul etib belgilangan. Ammo bu na buyruq, na boshqa hujjat bilan tasdiqlanmagan. Rasmiy javobgarlik bo‘lmagani yuqoridagi noxush holatlarga omil bo‘layotgandir, ehtimol.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan rahbar va xodimlarga tegishli tushuncha va tavsiyalar berildi.

Bekzod QOSIMOV.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM