Oila va OAVga qarshi tahdid jinoyat sifatida baholanishi kerak

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mamlakatimizda yirik siyosiy jarayon boryapti. Konstitutsiyamizni zamon talablaridan kelib chiqqan holda isloh qilinmoqda. Bunday paytda o‘zini millat taqdiriga dahldor bilgan har bir shaxs o‘z taklifi, fikr-mulohazalarini bildirishi kerak. Shundan kelib chiqib, ayrim moddalar quyidagicha tahrir qilinishi kerak, degan fikrdamiz.

Avvalo, o‘zbek tilining maqomi bilan bog‘liq 4-moddaga to‘xtalsak. Hozirgi matnda O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekani hamda mamlakat hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elat tillari hurmat qilinishini ta’kidlangan.

Sir emas, so‘nggi yillarda o‘zbek jamoatchiligi eng ko‘p bahs yuritgan mavzulardan biri davlat tili atrofida kechdi. Haqiqatan ham ayrim yuqori tashkilotlar, mansabdor shaxslarning ish yuritishda davlat tili ustuvorligiga amal qilmasligi, o‘n yilliklar mobaynida yagona alifboga o‘ta olmaganimiz mavzuning dolzarbligini anglatadi. Muammoning o‘zagi bosh qomusda bu boradagi qat’iyat aniq belgilab qo‘yilmaganida deb hisoblaymiz. Shundan kelib chiqib, 4-modda quyidagi tahrirda bayon etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi:

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. Mansabdor shaxslar davlat tilini mukammal bilishi hamda ish yuritish ko‘nikmasiga ega bo‘lishlari shart. Rasmiy hujjatlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yuritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

Keyingi taklifimiz oila instituti bilan bog‘liq. Ayni vaqtda jamiyatimizda ushbu yo‘nalish ham kun tartibining muhim mavzularidan bo‘lib turibdi. Oilani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan alohida vazirlik tashkil qilingani bejiz emas.

Ammo oilani davlat tomonidan himoya qilinishi yetarli darajada mustahkamlanmagandek, nazarimizda. Xiyonat yoki uchinchi shaxslarning aralashuvi kabi illatlar sabab barbod bo‘layotgan taqdirlar, tirik yetim bo‘lib qolayotgan farzandlar kelajagi bizni tashvishga solishi kerak.

Konstitutsiyamizning 63-moddasi quyidagi mazmunda tahrir qilinsa, oila manfaatlarining qonun bilan himoya qilinishi nisbatan ta’minlangan bo‘lardi:

“Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida davlat muhofazasidadir. Unga qarshi qaratilgan har qanday tahdid jinoyat sifatida e’tirof etiladi va qonun bilan taqib qilinadi.

Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”.

Va albatta, ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlarning kafolatli himoyasi bosh qomusda aks etishi kerak, deb o‘ylaymiz. Konstitutsiyamizning 67-moddasida “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”, deya belgilangan bo‘lsa-da, bunga zid harakatlar ham kuzatilayotgani achchiq haqiqat. Ushbu modda matniga “Mansabdor shaxslarning axborot olish erkinligiga qarshi harakatlari jamiyat rivojiga tahdid sifatida baholanadi”, deya qo‘shimcha kiritish vaqti keldi.

Albatta, bu bir taklif va fikrlar, xolos. Konstitutsiyaviy komissiya eng zarur takliflarni umumlashtirgan holda yagona me’yor shakllantirishiga ishonamiz.

Orifjon ODILOV,
tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.

2015-2022 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM