3981 nafar bolajonlar uchun birinchi qo‘ng‘iroq yangradi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Bugun mamlakatimizda yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan tumanimizdagi 56 ta umumta’lim maktabi va 9 ta maktab filiallarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi ma’lumoti ko‘ra, joriy yil 32 mingdan ortiq o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 3981 nafar birinchi sinf o‘quvchilari ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yishmoqda.

19-umumta’lim maktabida o‘tgan tadbirlarda tuman hokimi Qayum Sobirov ishtirok etdi. Qayd etish joizki, joriy yilgi tantanalar “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Tuman hokimi ushbu jihatga to‘xtalar ekan, yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, xalqimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish, ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ta’kidladi. Shuningdek, tumanimizda zamonaviy ta’lim tizimiga asos solgan jadid allomasi Saidahmad Siddiqiy-Ajziy nomi yodga olindi.

– Bobomiz o‘z davrining еtuk ma’rifatparvari sifatida mintaqada matbuot, teatr, ta’lim va adabiyot shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan, – dedi hokim. – 1903 yilda Markaziy Osiyodagi ilk zamonaviy maktablardan birini Jomboyda barpo etgan. Ushbu dargohda bugun Siz, aziz farzandlarimiz tahsil olmoqdasiz. Ishonchimiz komilki, kelajakda orangizdan Siddiqiy-Ajziy kabi buyuk insonlar yana ko‘plab еtishib chiqadi. Shu yo‘lda barcha ustoz va o‘quvchilarga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Bayram tadbirlari o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlarga ulandi.

Tadbir doirasida Saidahmad Siddiqiy-Ajziy muzeyining ochilish marosimi hamda shoir asarlari saylanma kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda jididshunos olim Tilovmurod Shaymardonov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi Nurali Ibragimov qatnashdi.

***

Bilimlar kuni Nayman mahallasi ahli uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. Hududda yangidan barpo etilgan 26-umumta’lim maktabi filiali foydalanishga topshirildi. Tadbir mehmonlari, jamoatchilik vakillari, nuroniylar muassasada yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

Birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida o‘quvchilar mashg‘ulotlarni boshlashdi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM