Zimmamizga sharafli mas’uliyat yuklandi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga joriy yilgi Murojaatnomasi ko‘lami va tashabbuslarga boyligi bilan avvalgilaridan farqlandi. Ayniqsa, ta’lim tizimiga keng o‘rin berilgani soha xodimi sifatida bizni quvontirmoqda.
Avvalo, yangi – 2023-yil mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb e’lon qilingandi. Bu zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Sir emas, tumanimiz ta’lim sohasi bo‘yicha viloyat va respublikada o‘z o‘rniga ega hududlardan biri sanaladi. Fan, sport, ijodiyot yo‘nalishlarida yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar, tajriba va salohiyat borasida ustoz-pedagoglarimiz natijalari fikrimiz tasdig‘idir. Qolaversa, “Hokim stipendiyasi”, Toyloq tumani bilan tuzilgan hamkorlik memorandumi kabi o‘ziga xos jihatlarimiz ham Jomboyda ta’lim sifatini oshirishga intilish muhiti mavjudligini ko‘rsatadi. Ta’limga e’tibor masalasi yana bir karra davlat siyosati darajasiga ko‘tarilar ekan, yanada yangi marralarni oldimizga belgilab olishimizni taqazo etadi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yagona to‘g‘ri yo‘lidir.
Mamlakatimizda Konstitutsiyani isloh qilish jarayonlari bormoqda. Xalq muhokamasiga taqdim etilgan dastlabki loyihada Bosh qomusimizning 1-moddasida O‘zbekiston maqomini ijtimoiy davlat sifatida belgilash taklif etilgan. Prezidentimiz Murojaatnomada ushbu mavzuga to‘xtalar ekan, ko‘zlangan maqsad inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirishda ekanini ta’kidladi. Buning uchun birinchi navbatda, e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz, dedi Prezident.
Quvonarlisi, o‘qituvchilar maqomi, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish masalasi Konstitutsiyaga kiritilishi taklif qilindi. Bu so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlarni yanada mustahkamlash va davom ettirish, jamiyatda ustoz mavqeini ko‘tarish uchun muhimdir.
Endilikda ta’lim sifatini oshirish borasida bizdan jiddiy qadamlar, fidokorona mehnat qilish turadi. Bu boradagi kutilayotgan yangiliklar ham aniq. Kelgusi yildan boshlang‘ich sinflarda yangi metodika asosida yaratilgan darsliklardan foydalanishga o‘tilishi, o‘qituvchilarning bilimi va mahoratini oshirish, o‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari fikrimizni tasdiqlaydi.
Murojaatnomada yana bir masalaga alohida e’tibor qaratildi. Ya’ni, har bir o‘quvchi o‘zining qobiliyatiga qarab, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur o‘qitilishi zarur, Aslida, xalqaro tajribada “A-level” ta’lim dasturi nomi bilan tanish bo‘lgan ushbu uslub Prezident maktablarida yo‘lga qo‘yilgan. Anglashimizcha, bosqichma-bosqich raspublikadagi barcha maktablarda ushbu tizim tadbiq etiladi.
Bu boradagi dastlabki qadam Murojaatnomaga hamohang tarzda imzolangan “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ham o‘z aksini topdi. Prezident ta’lim muassasalari agentligi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi sifatida qayta tashkil etilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda.
Yuqoridagilardan tashqari, yangi maktablar qurilishi, o‘quvchilar uchun bepul ovqatlanish tizimining yo‘lga qo‘yilishi, yangi avlod darsliklari yaratilishi kabi ko‘plab muhim masalalar ham Murojaatnomada o‘z aksini topgan. Prezidentimiz o‘z so‘zi yakunida O‘zbekiston pedagoglariga murojaat qildi.
– Jondan aziz bolalarimiz maktabdan chet tillarni, kasb-hunar va kompyuter savodxonligini puxta o‘rganib chiqsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz qanday o‘zgaradi? Yangi O‘zbekistonda maktab jamoalari va muallimlarining mas’uliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Va men ishonaman – Siz, jonkuyar o‘qituvchilarimiz bu vazifani sharaf bilan uddalaysizlar, – dedi Prezident.
Shu ishonchni oqlash, sharafli kasbimizga munosib bo‘lib, millat ertasini uyg‘otish endilikdagi muqaddas burchimizdir.

 

Shohista NAMOZOVA,
40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori, tuman kengashi deputati.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM