Mavsumiy insof

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Yangi yil arafasida harorat pasayib, atrofni oppoq qor qopladi. Yaqinda shukuhlarga to‘la yangi yil kirib keladi. Qor yoqqani yaxshi bo‘ldi-da. Bayram qor bilan yanada fayzli o‘tadi. Darvoqe, hali archa ham sotib olishim kerak...

Shunday xayollar og‘ushida bekatga keldim. Viloyat markaziga qatnaydigan haydovchilarning biridan so‘radim:

– Assalomu alaykum! Aka, shahargacha qancha bo‘ladi?

– O‘n besh ming.

Ochig‘i, haydovchining pinagini buzmay aytgan narxi menga biroz og‘irlik qildi. Kuni kecha yo‘l kira haqi besh ming so‘m edi. Nima, shahar bir kechada boshqa sayyoraga ko‘chib ketibdimi?!

– Aka, sal tushing. Juda qimmat-ku...

– Ko‘rib turibsan, yo‘lni qor qoplagan. Bo‘lgani shu, istamasang, boshqasida ketaqol.

Surishtirsam, hamma haydovchilar bir xil narx aytyapti. Noiloj bittasiga o‘tirdim. Mendan so‘ng kelgan keksa onaxon haydovchi bilan uzoq savdolashdi. Kelisha olmadi, shekilli, nari ketdi. Yo‘l chetiga borib, ancha turdi…

Avtomobil yo‘lovchilar bilan to‘lgach, yo‘lga tushdik. Haydovchi yigit so‘zamolgina ekan.

– Odamlarga ham hayronsan. Haligi kampirni ko‘rdingizmi? Ikki soat boshimni qotirdi-ya! – so‘z qotdi menga. – Pulim kamroq, jiyanimning to‘yiga bormasam bo‘lmaydi emish. Insof qiling, deydi. Bu yoqda qor yog‘ib turgan bo‘lsa, menga nima deysan, baraka topgur, desam, tushunmaydi. To‘g‘ri, insof ham kerakdir. Lekin mavsum shunday bo‘lsa, men nima qilay?

Qiziq, savdo-sotiq, kasb-hunar, boringki, tabiat fasllari mavsumiyligini bilardik. Inson umri mavsumlarini ham eshitganmiz. Ammo insofning mavsumga qarab turlanishini birinchi bor eshitishim.

Haydovchi o‘zicha gap ma’qullar ekan, bir necha yil avval bo‘lib o‘tgan voqea yodimga tushdi.

O‘shanda olis tumanlardan biriga borgandim. Qish fasli, yo‘lni qalin qor qoplagan edi. Qarangki, yo‘lning ellik chaqirimga yaqin qismida aholi yashamas ekan. Atrofda birorta xonadon ko‘rinmaydi. Kutilmaganda ulovimiz buzilib qoldi, radiatorda suv qolmapti.

– Hechqisi yo‘q. Otaxonning chaylasiga amallab yetib olsak, marra bizniki, – dedi bu atroflarni yaxshi bilgan hamrohim.

Uning kimni nazarda tutayotganini tushunmadim. Ma’lum bo‘lishicha, sal narida bir keksa kishining chaylasi bor ekan. O‘zi yigirma besh-o‘ttiz chaqirim uzoqdagi qishloqda tursa ham, qishda yo‘l ustidagi chaylasiga ko‘chib kelar, u yerda o‘tkinchi yo‘lovchilar uchun zarur bo‘lgan hamma narsa topilarmish. Daromad qilishning zap yo‘lini topgan ekan-da, dedim ichimda. Xullas, chayla tomon piyoda yo‘lga tushdik.

Baxtimizga mezbon darrov topila qoldi. O‘zimiz uchun keragicha suv oldik. Bir piyoladan issiq choy ham ichdik. Ortga qaytar ekanmiz, xizmat haqi qancha bo‘lishini so‘radim. Mo‘ysafid kuldi.

– Niyatimiz faqat savob, o‘g‘lim. Bizga muhtoj bo‘libsiz, yordamimiz tekkan bo‘lsa, mamnunmiz. Shunday saxiy faslda biz xasislik qilsak, ayb bo‘ladi...

Otaxonga rahmat aytib, chayladan uzoqlashdik. Ancha paytgacha uning so‘zlari yodimdan chiqmay yurdi. Har gal uni hurmat bilan eslaydigan bo‘ldim.

Shu voqea ko‘z oldimdan o‘tar ekan, mana bu haydovchining so‘zlaridan chuqur o‘yga toldim.

O‘sha yo‘l, o‘sha masofa, o‘sha yoqilg‘i sarfi... Ehtimol, haydovchilardan noo‘rin o‘pkalayotgandirmiz. Axir, sharoit bois avtomobilni sekinroq haydashga to‘g‘ri keladi, ortiqcha vaqt ketadi. Biroq ob-havoni bahona qilib, uch barobar narx aytish insofdanmi? Bugun ba’zi haydovchilar yonida puli kam bo‘lgani uchun keksa kampirni yoki yo‘lda qo‘l ko‘tarib turgan maktab o‘quvchisini ko‘rib, ko‘rmaganga olib o‘tib ketishyapti.

Haydovchilarning insofli mavsumi qachon keladi?

Orifjon ODILOV,

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM