Bankir – siz xizmatchisiz

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mamlakatimizda nima uchun plastik karta tizimi joriy qilingani haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?

Shubhasiz, bu tadbir mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirish, valyuta-kredit siyosatini tartibga solish, qolaversa, fuqarolar uchun qulay va zamonaviy to‘lov sharoitlari yaratishni ko‘zda tutadi. Bunda ayniqsa, tijorat banklari fuqarolarning suyanchi, asosiy ko‘makchisiga aylanishi lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni, avvalo, barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur”, deya ta’kidladi. Bunda tijorat banklari ham nazarda tutilgani tabiiy.

Afsuski, hamma banklar ham mijoz oldidagi mas’uliyatini yaxshi anglab yetmayapti. Aksariyat banklarning plastik kartalarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi doim fuqarolar bilan gavjum bo‘ladi. Turnaqator navbatda turganlar orasida ikki-uch oylab muammosini hal etolmayotgan fuqarolar ham bor. Ularning asosiy qismini pensionerlar tashkil qiladi. Bo‘lim oldida navbat kutayotgan mijozlar uchun yetarli sharoit yaratilmagan. Birorta o‘rindiq ko‘rinmaydi, mijozlar tik oyoqda, soatlab navbat kutishadi. Bank xodimlarining mijozga xizmat ko‘rsatishda oddiy muomala madaniyatiga ham amal qilmasligi masalaning eng achinarli tomoni.

Yaqinda yangi plastik karta olish uchun bankka kerakli hujjatlarni taqdim ettim. Qizig‘i, plastik kartam qo‘limga tegishi uchun bir oy vaqt kerak bo‘ldi. Izoh so‘raganimda markazdan plastik karta chiplarini yetkazib berishda uzilishlar yuz berayotganini aytishdi. Xullas, sentabr oyidagi murojaatim noyabr oxiriga kelib qanoatlantirildi. Shunda ham plastik kartaga ism-sharifim noto‘g‘ri kiritilibdi.

Bu e’tiborsizlikmi yoki mas’uliyatsizlik? Boringki, yangi plastik kartalar yetishmasligi bo‘lim xodimlarining aybi emasdir. Ammo ochilgan hisob-raqam va plastik karta chipiga mijozning ma’lumotlari noto‘g‘ri kiritilayotganini qanday tushunish mumkin? Bu kabi holatlar bizningcha, bank va mijoz o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazadi.

Orifjon ODILOV,

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.

2015-2023 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM