Navbahor Hamidova: Maqsadim oltin medal edi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xabar qilganimizdek, boks boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Navbahor Hamidova bronza medalini qoʻlga kiritdi. Ushbu natija mamlakatimizda ayollar boksi yuksalishda davom etayotganini koʻrsatadi.

Olympic.uz nashri sportchi bilan musobaqa taassurotlari, yangi rejalar haqida suhbat qildi. Quyida ushbu intervyu juz’iy qisqartirish bilan berilmoqda.

– Jahon chempionatidagi ishtirokingizdan koʻngilingiz toʻldimi?

– Ochigʻi, musobaqada shohsupaga koʻtarilgan boʻlsam ham natijadan toʻla qoniqmadim. Jamoamiz bilan katta tayyorgarlik koʻrgan edik. Maqsadim faqat chempionlik boʻlgan. Ammo ushbu bronza medali kelgusi startlar oldidan oʻzimga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi. Janglarda yoʻl qoʻygan xatolarim ustida ishlab, yanada katta ishtiyoq bilan shugʻullanishda davom etaman.

– Chorak finaldagi magʻlubiyatdan keyin va final kuni aytilgan xushxabardagi hislaringizni tasvirlab bera olasizmi? Ko‘nglingizdan nimalar oʻtdi?

– Maqsadim faqat gʻalaba qozonish boʻlgani uchun chorak finaldagi magʻlubiyatdan keyin kayfiyatim juda tushib ketdi. Magʻlubiyat qattiq taʼsir qildi. Ammo qisqa fursatda oʻzimni qoʻlga oldim, yangi kuch topib, mashgʻulotlarni boshladim. Hali hammasi oldindaligi, bu magʻlubiyat bilan bari toʻxtab qolmasligini angladim. Taslim boʻlishga haqqim yoʻq edi. Final kuni ustozimiz Elshod Rasulov bronza medali bilan taqdirlanishim haqidagi xabarni aytganida ishonmadim. Raqib bokschi diskvalifikatsiya qilingani, taqdirlash marosimida ishtirok etishim kerakligini aytishganidan keyin barchasi butunlay oʻzgardi. Haqiqat baribir qaror topdi. Bu holatda katta hayajon boʻlmadi.

– Qolgan jamoadoshlaringizning ishtiroki haqida nima deya olasiz? Ularga nima yetishmadi?

– Barchasi munosib jang qildi va ular ham shohsupaga loyiq edi. Kimgadir tajriba, kimgadir omad yetishmadi. Gʻalaba uchun borimizni berdik. Aytganimdek, nafaqat men, balki barchamiz xatolarimiz ustida ishlab, keyingi musobaqalarga tayyorlanishda davom etamiz. Jamoamiz hali yosh. Bir kun kelib, bokschi qizlarimiz ham yigitlar kabi jahonda peshqadam boʻlishadi.

– Keyingi asosiy start hisoblangan “Xanchjou-2023” Osiyo oʻyinlaridan nima kutyapsiz?

– Osiyo oʻyinlari men uchun yangi muhit boʻladi. Unda “Parij-2024” olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma oʻynalishi ehtimoli bor. Shu bois barcha sportchilar unga katta tayyorgarlik bilan kelishadi. Maqsadim, soʻnggi qitʼa chempionatida erishgan gʻalabamni takrorlab, Osiyo oʻyinlarida ham oltin medalni qoʻlga kiritishdir.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM