Farzandlarimiz adolatli dunyoda yashashga haqli

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalqimiz izchil taraqqiyot yo‘lidan boryapti. Davlat fuqarolik xizmatining isloh qilinishi, aholini kambag‘allikdan chiqarish va tadbirkorlikka jalb etish borasida dadil qadamlar tashlanmoqda. Maqsad mamlakatimizni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqish, xalqimizga munosib turmush sharoitlari yaratishdan iboratdir.

Albatta, har qanday harakat muayyan qiyinchilik va murakkab bosqichlardan o‘tadi. O‘z navbatida, taraqqiyotga to‘siq bo‘ladigan holatlar ham yo‘q emas. Ular orasida eng xatarlisi korrupsiyadir.

Iqtisodiy jinoyatlar jilovlanmasa, oqibatda davlatning tanazzuliga olib keladi. Mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarga murosasiz kurash olib borilayotgani bejiz emas.

Korrupsiya faoliyati xufyona iqtisodiyotning asosiy turlaridan biridir. Etimologik jihatdan bu atama “buzish, og‘dirish” ma’nolarini anglatadi. Sodda qilib aytganda, korrupsiya mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquq va vakolatlarning suiiste’mol qilinishi, boylik orttirish uchun foydalanilishidir.

Bugungi kunda respublikamizda iqtisodiy jinoyatchilikning sabablarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, fosh etilgan korrupsiyachilar qattiq jazolanmoqda. Mamlakat ichidagi jinoyatchilik doimo davlat tomonidan nazorat qilib boriladi. Korrupsiyanerlar beboshligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida uzoq muddatli chora-tadbirlar ishga solingan. Ular jinoyatchilikka qarshi kurash strategiyamizni belgilab beradi. 

Demoqchimizki, davlat tomonidan barcha choralar ko‘rilyapti. Shunday bo‘lsa-da, poraxo‘rlikdan birdan qutulib bo‘lmaydi. Buning uchun sodda va ta’sirchan choralar ishlab chiqish hamda uni izchillik bilan yo‘lga qo‘yish lozim. Jamiyat, odamlar, siz-u, biz bu illatga toqatsizlik bilan kurashmasak, samaraga erishish qiyin. 

Masalan, maktabga qabul jarayonini olaylik. Ota-ona bolasi yaxshi o‘qishi, munosib ta’lim-tarbiya olishi uchun farzandini obro‘li maktabga berishni istaydi. Buning uchun bor imkoniyatini ishga soladi, tanish-bilishlaridan foydalanadi, pul va xizmatini taklif qiladi. Aslida muammoni hal etish uchun odamlar nima sababdan shu maktab va pedagogga intilayotgani to‘liq o‘rganilishi, ular haqida ochiq ma’lumotlar to‘planib, vaziyat nazoratga olinishi hamda o‘sha sinf yoki maktabga qabul tanlov asosida tashkil etilishi mumkin. Marhamat, bolangiz shu sinf yoki maktabda o‘qishini xohlasangiz, barcha qatori tanlovda qatnashsin, intellektual salohiyati tekshirilib, psixologik-pedagogik ko‘rikdan o‘tkazilsin.

Ayni paytda bu tajriba tizimda qisman qo‘llanmoqda. Asosan, muayyan fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarni tanlov asosida qabul qiladi. Bu qoidaning o‘rnatilishi maktablar o‘rtasida raqobatni kuchaytirib, barcha ta’lim muassasalari va sinflarda o‘qitish sifatini oshirish choralarini ko‘rishni talab etadi. Demak, jinoyatning ildizi tushunchalarimizda ekan.

Achinarlisi, 3-4 g‘alamis, xaromdan qo‘rqmaydigan kimsalar sabab sohaning halol, vijdonli vakillari mehnati ham yo‘qqa chiqishi mumkin. Bir korrupsiyaga berilgan amaldorni deb boshqalar jabr chekmasligi, nomi yomonga chiqmasligi kerak.

Pora olish isnod, hamma teng, mansab va vakolatlarni suiiste’mol qilish xalqqa xiyonat, biz pora berib o‘qimaymiz, ta’limda qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik bo‘lishi shart, kabi tushunchalar qon-qonimizga singib, jamiyatimizda qadriyat darajasiga ko‘tarilmas ekan, korrupsiya biz bilan yonma-yon yashayveradi. Farzandlarimiz adolatli dunyoda yashashga haqli, bu bizga bog‘liq ekanini unutmaylik.

Shohista NAMOZOVA,
40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori,
tuman kengashi deputati.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM