AHOLINI RO‘YXATGA OLISH NIMA UCHUN KERAK?
Aholining turar joy, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlar, ijtimoiy xizmatlar, ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojiga doir muhim ahamiyatga ega axborotlarni aholi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar asosidagina aniqlash mumkin. Dunyodagi har bir davlat o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ma’lum bir davrlarda aholisini ro‘yxatga olib boradi. Ko‘pchilik davlatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.
Aholini ro‘yxatga olish shunchaki statistika emas, u umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi. Buning natijasida nafaqat aholi soni, balki, uning yoshi, jinsi, milliy tarkibi, yashash sharoiti, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, ta’lim darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi, ishsizligi va boshqa ijtimoiy-demografik masalalar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar yig‘iladi. Ushbu ma’lumotlar aholining istiqboldagi hisob-kitoblari va yaqin yillarda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, bu ma’lumotlar avvalgi aholini ro‘yxatga olishdan keyin o‘tgan vaqt davomida ushbu ko‘rsatkichlarning o‘zgarishlar dinamikasini baholash imkonini beradi. Aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘iladigan ma’lumotlar, o‘z navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, ta’lim bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Ayni chog‘da ular aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda ham nihoyatda qo‘l keladi. Masalan, odamlarning bir joydan ikkinchi joyga ish topish yoki boshqa maqsadlarda ko‘chib yurishlari, ularning bandliklari va kasblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar butun mamlakat yoki uning muayyan bir hududida ishlab chiqarish va xizmat qo‘rsatish sohasini rivojlantirishni rejalashtirish imkonini beradi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijalari aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi. Bu kabi ma’lumotlarning umumlashtirilishi natijasida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yuzaga keladi. Aholini ro‘yxatga olish natijalari umumlashgan, ya’ni shaxssizlantirilgan ko‘rinishda turli xil jadvallarda aks ettiriladi va ulardan nafaqat butun mamlakat, balki aholining turli toifalari va hududlar bo‘yicha ham tahlil qilishda foydalanish mumkin.
Sherzod BO‘RIYEV,
tuman statistika bo‘limi boshlig‘i.