insurez
15-07-2024 10:57

Samarasiz ish yuritgan hokim yordamchilari sessiyada hisobot beradi


Xalq deputatlari tuman kengashining 105-sessiyasi o‘tkazildi. Unda kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyati muhokama etildi.

Qayd etilishicha, hokim yordamchilarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘rtacha natijasi 72,81 balni tashkil qilgan. Sektorlar kesimida eng past natija 2-sektor hududiga to‘g‘ri kelmoqda. Mahallalar kesimida esa Naymantepa, Nogahon, Alisher Navoyi, So‘xmon mahallalarida qoloqlik kuzatilgan. Shuningdek, imtiyozli kredit bo‘yicha No‘sh, yangi subyekt tashkil etish bo‘yicha Polvonariq, ishga joylashtirish bo‘yicha Sarqipchoq hududida ishlar qoniqarli emas. Samarasiz ishlayotgan hokim yordamchilari kelgusi sessiyadan deputatlarga hisobot berishi belgilandi.

Tadbirda “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosi, mahalliy budjet daromadlarining bajarilishi holati bo‘yicha jamoatchilikka axborot taqdim etildi.

Tuman kengashining “Jomboy tumanining chegara chizig‘i chizmasi va tavsifini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish kiritildi. Yerdan foydalanuvchilarning hokimlik bilan ijara shartnomasini tuzish tartibi belgilandi.

Ko‘rilgan har bir masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Teglar
- -