insurez
16-03-2024 10:51


Bir asrga bo‘ylashgan nashr

Tumanimiz jurnalistikasi uzoq tarixga ega. Arxiv ma’lumotlarining guvohlik berishicha, 1935-yil 11-aprelda ilk gazeta – “Davlatli turmushga” nomi bilan nashr etila boshlangan. Ushbu gazetaning birinchi muharriri Yo‘ldosh Ismoilov bo‘lgan. 1936-1940 yillarda esa S.Teshaboyev, I.Xonimov, S.Yo‘ldoshev, X.Mirzaev navbati bilan muharrirlik qilishgan.

 

“Davlatli turmushga” gazetasi 1943-yilning 6-iyuliga qadar chiqib turgan. Ikkinchi jahon urushi davrida faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi va 1953-yilning 1-iyulidan “Kommunist” nomi bilan qaytadan nashr etiladi. Ushbu gazetasi 1962-yilning 7-iyunigacha chop etiladi.

Jomboy va Bulung‘ur tumani birlashtirilishi natijasida “Kommunist” gazetasi tumanlararo gazeta bo‘lib chiqa boshlagan. 1953-1954-yillarda “Kommunist” gazetasiga M.Ermuhammedova, 1955-1962-yillarda B.Pirnazarov muharrirlik qilgan. 1970-yilning so‘ngida Jomboy tumani qaytadan tashkil etildi. 1971-yilning 1-sentyabridan gazeta “Shonli mehnat” nomi bilan chiqa boshladi.

Tuman gazetasiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist M.Majidov 20 yil muharrirlik qildi. 1991-1993-yillarda R.Inoyatov, 1993-1994-yillarda A.Hamidov muharrir bo‘dli. O‘tgan davrlarda tahririyatda Ochil To‘ychiyev, Yo‘ldosh Otamurodov, Muhammadi Berdialiyev, Abdusalom Suyunov, Abdurasul Oltmishev, Obloqul Usmonqulov, Sulaymon Xusainov, Shokirjon Sheraliyev, Oyxumor Asadova, Gulchehra Jamilova, Olim Hamzayev, Ashurbek Po‘latov, Xulkar Mamatmurodova singari jurnalistlar mehnat qilishdi.

Mustaqillik yillarida gazeta “Jomboy tongi” nomi bilan chop etilgan. 2000-yildan Samarqanddagi bosmaxonada ofset usulida haftada bir marta chop etiladi.

Ayni vaqtda gazeta muharriri bo‘lib jurnalist Isomiddin Po‘latov faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Tahririyatda Orifjon Odilov, Sherzod Isoqulov, Ahror Shamsiyev kabi ijodiy xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Gazetaning har bir sonida fotomuxbir Sohib Sayfullayevning ijodiy ishlari, surat-lavhalari berib boriladi.

Ijodiy xodimlarning barchasi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolaridir. 2021-yilda tuman hokimligi va “Jomboy tongi” gazetasi hamkorligida “Yuragimdasan, Jomboy” almanaxi va 2022-yilda “Jomboy, kecha, bugun, ertaga” xronikal asarlari yaratildi.

“Jomboy tongi” gazetasining tashkil etilganligiga 2025-yilda 90 yil to‘ladi. Bugungi kunda tahririyatda sakkiz kishi faoliyat ko‘rsatadi. Gazeta qoshidagi bosmaxonada tuman ijodkorlarining qalamiga mansub asarlar chop etilmoqda. Birgina 2024-yilning o‘tgan davri mobaynida “Umid” ijodkorlar klubi a’zolarining qalamiga mansub 4 ta yangi kitoblar dunyo yuzini ko‘rdi.

Yaqinda tahririyat a’zolari yana bir xayrli ishga qo‘l urishdi. Jomboy tuman hokimi Qayum Sobirov tashabbusi bilan chorakda bir marotaba chop etiladigan “Jomboy nafasi” jurnalining nishona soni nashrdan chiqdi.

Qolaversa, uzoq yillik tarixga ega bo‘lgan “Jomboy tongi” gazetasining kechasi, buguni va ertasi haqida hikoya qiluvchi “Matbuot fidoyilari” risolasi tuman yoshlari, ayniqsa, ijodkorlar uchun haqiqiy sovga‘ bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda gazeta tumanimiz ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutadi.

 

Teglar
Insurance Policy