Jomboyning sodda shoiri
Ijodkor bo‘lish uchun avvalo, insondan go‘zallikka oshuftalik, oddiylikka intilish va kamtarlik talab etiladi. Samimiy qalbdan chiqqan she’r o‘quvchining qalbiga oson yetib boradi. Jomboylik shoir Aziz Abdurayimovning yaqinda nashrdan chiqqan yangi asari – “Samo uzra” kitobini o‘qir ekansiz shunday fikrlar ko‘nglingizdan o‘tadi. Shoirning sodda va samimiy fe’l-atvori satrlariga ham ko‘chgan.
Muhabbat haqida yozmagan inson bo‘lmasa kerak. Aziz Abdurayimovda ham adabiyotning mangu mavzusi alohida motiv sifatida ko‘zga tashlanadi. Ammo u ko‘ngil kechinmalarini o‘ziga xos yo‘sinda, yangi topilmalar, o‘xshatishlar bilan ifodalagani e’tiboringizni tortadi. “Sahroda”, “Ulbibi”, “Nigohing” kabi she’rlari fikrimiz tasdig‘idir. Misralardagi oddiylik, o‘ynoqilik o‘quvchining zavqini oshiradi.
O, Ulbibi, men seni,
Sevib qoldim yurakdan.
Qalbim talpinar senga,
Nafasimda keraksan.
Sevgimni rad etmagin,
Mendan nari ketmagin,
Bu dunyoda tenging yo‘q,
Chiroylisan malakdan!
Yana bir jihat. Ushbu turkumdan 2004-yillarda yozilgan she’rlar ham o‘rin olgan. E’tiborlisi, shoir yildan yilga, she’rdan she’rga o‘sib borganini his qilasiz. Avvaliga sof, samimiy tuyg‘ular kuychisi bo‘lgani sezilsa, keyinchalik mavzu mundarijasi hayotiylik, falsafiylik bilan yo‘g‘rilib boradi. Boshqacha aytganda, shoir kabi she’rlari ham ulg‘aygan.
Yuragimga qo‘ng‘iroq qilsang,
To‘kiladi ko‘ngil g‘amlarim.
Dunyoda eng baxtlidir, bilsang,
Sen-la kechgan o‘sha damlarim.
Aziz Abdurayimov ijodining o‘ziga xos tomoni u rang-baranglikka intiladi. Bir oshiq tilidan ko‘ngil zorini qog‘ozga tushirsa, goh bolalar uchun sho‘x mavzularni qalamga oladi. Ba’zan, rindona, ba’zan ijtimoiylik ruhidagi shoirga aylanadi. Ular orasidan chapanichasiga yozilgan, g‘oyat o‘ziga xoslikka duch kelsangiz ham ajablanmang:
Qulog‘im qizidi –
Kim yomonladi?
So‘zsiz yomonladi,
Jim yomonladi.
O, xayol ko‘yida
She’r bitar edim.
Qaysi haqgo‘y, qaysi
Shum yomonladi?..
So‘zimiz boshida ijod insondan kamtarlik talab etishini bejiz yozmadik. Aziz Abdurayimovda eng muhimi, shu fazilat bor. Uning yangi asar bilan qutlagan holda, adabiyot ixlosmandlariga o‘qishni tavsiya etamiz.