insurez
22-05-2024 20:57

103-sessiya: Sektor rahbarlari hisobot berdi


Xalq deputatlari tuman kengashining 103-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda aholi bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, yashash manzilidan uzoq muddatga chiqib ketgan fuqarolar bilan manzilli ishlash, “Sayxunobod tajribasi”ni amaliyotga joriy etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar mavzusida sektor rahbarlari hisobot berdi.

Xususan, 1-sektorda 1368 nafar ishsiz fuqarolar mavjudligi ma’lum qilindi. Ularning bandligini ta’minlash yuzasidan olib borilgan amaliy ishlar samarasi o‘laroq, joriy yilning o‘tgan davrida 689 nafari ishga joylashtirilgan.


Bundan tashqari, aholi daromadlarini oshirish borasida olib borilgan o‘rganishga ko‘ra, 2-sektor hududida istiqomat qiluvchi oilalarning 9031 tasida tomorqa maydonlari mavjudligi aniqlangani qayd etildi. Ularning samarali foydalanishi va yuqori hosil olishi uchun barcha yordamlar ko‘rsatilmoqda. Jumladan, o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha tumanda mavjud 2 ta klinika mahallalarga biriktirilgan.

3-sektor rahbari o‘z hududida yashash manzilidan uzoq muddatga chiqib ketgan fuqarolar soni 1483 nafarni tashkil etishini bildirdi. “Mahalla yettiligi” bilan birgalikda migratsiyada yurgan fuqarolar xatlov qilinib, ularning oila-a’zolari hamda shaxsan o‘zi bilan suhbatlar o‘tkazilgan. Natijada, ularning yurtimizga qaytishi ta’minlanmoqda.

4-sektor hududida yashovchi aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etayotgan masalalar ochiqlandi. Ta’kidlandiki, Beshbola mahallasining Oq ko‘prik qishlog‘ida 1,5 kilometr,  Xon qishlog‘ida 1 kilometr hamda Nazar mahallasida 1,5 kilometr ichki yo‘llar uzoq yillardan beri ta’mirtalab bo‘lib kelgan. Olib borilgan amaliy ishlar natijasida asfaltlanishi ta’minlangan.

Shuningdek, Beshbola mahallasining Sayilgoh, Zafarobod, Chashma, Yurtdoshlar, Nurli yo‘l, Xon  ko‘chalarida 5,2 kilometr, Qoramo‘yin mahallasining Soboloq qishlog‘ida 2 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirilib, tekislangan.

Sessiyada ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi tomonidan tabiat ifloslanishining oldini olish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Tuman budjeti mablag‘larini tasarruf qilishga doir masalalar bo‘yicha tegishli qaror loyihalari tasdiqlandi.

Teglar
- -