104-sessiya: Mahalla, ta’lim, obodonchilik yo‘nalishidagi ko‘rsatkichlar muhokama etildi
Xalq deputatlari tuman kengashining 104-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda 2024-yil 21-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni ijrosi muhokama etildi. Mavzu yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek Rajabov hisobot berdi. Ta’lim, tibbiyot, madaniyat, ijtimoiy himoya sohalari kesimida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar ochiqlandi.
Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i Umidjon Mamatov o‘zini o‘zi boshqarish organlarini jamoatchilik nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, aniqlangan muammolarning o‘z vaqtida samarali yechilishi hamda jamg‘arma daromadlari va xarajatlari ijrosi yuzasidan hisobot berdi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, soliq tushumlarini ta’minlashdagi sustkashlik tanqidiy muhokama etildi. Ayniqsa, “mahalla yettiligi”ning o‘z vaqtida ishga kelmayotgani, davomad daftari qoniqarsiz yuritilayotgani deputatlar e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Zarifa Yusupova ta’lim tizimidagi islohotlar natijadorligi bo‘yicha axborot berdi. Qayd etilishicha, hozirgi kunda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi 74,6 foizni tashkil etmoqda. Tumanda 2533 nafar pedagoglar faoliyat yuritadi. Shundan 79,3 foizi oliy, 15 foizi tugallanmagan oliy ma’lumotga ega.
Maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha 3 ta maktab, 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti investisiya dasturiga kiritilgan. Respublika budjetidan 19 milliard 527 million so‘m evaziga mukammal ta’mirlash va jihozlash ko‘zda tutilmoqda.
Sessiyada obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Kamoliddin Salohiddinov hisobot berdi.
Hududdagi davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha 1-chorakda bajarilgan ishlar yuzasidan adliya bo‘limi boshlig‘i Farhodjon Zarifovning axborot berishi ham kun tartibiga kiritilgan edi. Ammo mutasaddining doimiy komissiya muhokamasida ishtirok etmagani sababli axborot qabul qilishdan rad etildi.
Tuman kengashi deputatlari va kotibiyati xodimlarining xorijiy mamlakatlarga chiqishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.