Nargiza maktabiga o‘z avtomashinasida keldi
Avval xabar qilganimizdek, “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida jomboylik Nargiza Muhammadiyeva g‘olib bo‘lgandi. U Prezident sovg‘asi – “Kobalt” avtomobiliga sazovor bo‘ldi.
Bugun Samarqand ziyolilari sharafini munosib himoya qilgan qizimiz tumanimizga qaytdi. Shu munosabat bilan 12-umumta’lim maktabida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda tuman hokimi va sektor rahbarlari, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari, korxona, tashkilot va muaassasa vakillari, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar – keng jamoaatchilik ishtirok etdi.
Tuman hokimi Qayum Sobirov ko‘pmingsonli jomboyliklar nomidan Nargiza Muhammadiyevaning ota-onasi, ustozlariga barkamol avlod tarbiyasi uchun minnatdorlik bildirdi. Kitob-insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, bilim manbasi ekani ta’kidlandi. Ilmdan o‘zga najot yo‘q, degan hikmat zamirida ana mazmun borligi aytildi.
Tadbir Tut mahallasi ahli uchun rostmana bayramga aylandi, desak mubolag‘a emas. Ilmning, kitobxonlikka bo‘lgan ishtiyoqning bahosi shunday bo‘lishi ham kerak, aslida.