Aholini ro‘yxatga olish 2025-2026-yillarga mo‘ljallanmoqda
Bu haqda 2024-yil 4-mart kuni imzolangan Prezident qarorida belgilab qo‘yilgan.
2024-yil davomida statistika agentiligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘radi. Jumladan, aholini ro‘yxatga olishni ommaga tushuntirish bo‘yicha videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlanadi. 2021-yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida savolnomalar shakllantiriladi.
Shuningdek, “Aholini ro‘yxatga olish” axborot tizimi takomillashtirishi va ro‘yxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari tasdiqlanishi, aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasi ishlab chiqilishi kerak.
2019-yil 5-fevralda qabul qilingan Prezident qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olish belgilangan edi. Bu borada konsepsiya tasdiqlangan. 2020-yil 16-martda esa “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
Keyinchalik koronavirus pandemiyasi tufayli mazkur tadbirni o‘tkazish muddati uzaytirilib, 2023-yilning 1-25 noyabr kunlariga ko‘chirilgandi.