insurez
17-05-2024 14:09

Kapideimdan rezinartgacha – xalqaro ko‘rgazmaning ikkinchi kuni


Xabar qilganimizdek, tumanimizdagi “Sof Expo Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida gastronomik turizm, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, oziq-ovqat, elektrotexnika, farmatsevtika, mebelsozlik va gilam mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazilmoqda.

Ochilish marosimida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari G.Saidova, Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Muxtorov, viloyat hokimi E.Turdimov, tuman-shahar hokimlari va sohaga mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.

Korgazmada viloyatimiz ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda Buxoro, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hamda rossiyalik tadbirkorlar ham qatnashmoqda. Ko‘rgazmada 2500 ta sanoat korxonasi, shundan 20 dan ortiq tarmoq, 2375 ta hududiy korxona 240 dan ortiq mahsulotini taqdim etdi. Jumladan, 240 ta korxona 7,5 mingdan ortiq import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan qatnashyapti.

Bu galgi ko‘rgazmada korxonalar tomonidan elektr radiatorlar va konvektorlar, elektron jihozlar, yangi rusumli transformatorlar, o‘simliklarni himoyalash uchun kimyoviy vositalar, gipsokarton uchun qog‘ozlar, avtomobil ehtiyot qismlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish moslamalari kabi 80 turdan ortiq raqobatbardosh mahsulotlar namoyish qilindi.

Yarmarkada oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashga katta ahamiyat berilgan. Viloyatdagi 22 ta yirik va kichik korxona uchun alohida joylar ajratilib, ular tomonidan import qilinayotgan va mahalliylashtirishga tavsiya etilayotgan xomashyolar namoyishga qo‘yildi.

Forum doirasida panel sessiya va muhokamalar ham o‘tkazildi. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari importini qisqartirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish mavzusidagi muhokamada sanoati rivojlanmagan davlat boy bo‘la olmasligiga e’tibor qaratildi.

Alohida pavilionda oliy ta’lim muassasalarining 70 ga yaqin innovatsion startap loyihalari namoyish etilmoqda. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining raqamli kutubxona, Tailandcha muzqaymoq, kapideim san’ati (kapalakli buket), rezinart san’ati (chiqindidan suvenir ishlab chiqarish) va mobil telefon orqali boshqariladigan uydagi is gazining me’yorini o‘lchovchi qurilmalar ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi. Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti talabalari esa o‘rik turshagini qayta ishlab, maydalagan holda bir marta foydalanishga moslab qadoqlash texnologiyasini taqdim etishdi. Shuningdek, institutning 3-bosqich talabasi Sevinch Alibekova matsarella pishlog‘ini ishlab chiqarishda katta miqdorda ajralib chiqadigan zardobdan sifatli va iste’molga yaroqli sariyog‘ ishlab chiqarish texnologiyasini taqdimot qildi.

Ko‘rgazma doirasida tarmoq va hududiy korxonalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish uchun B2B, B2G formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etilmoqda.

Teglar
- -