insurez
01-05-2024 10:00

Qishlog‘ingiz nega bunday nomlangan?


(3-qism)

JOMBOY rivoyatlarga ko‘ra, bu so‘z jamiyat, jamoat boy so‘zlarining birikishi va qisqarishidan hosil bo‘lgan. 
Ko‘pchilik ilmiy adabiyotlarda Jomboy toponimining ikki qismdan iborat ekani ta’kidlanadi. Ya’ni, jom va boy qismlaridan tarkib topgan.

Etnooykonim tarkibidagi jom qismini turlicha ta’birlaydilar. Jan//jom//jon so‘zi sug‘dcha bo‘lib, u buloq, kanal, suv manbayi degan ma’noni ifodalaydi. Jan komponentli nomlar IX-XIII asrlarda gidronimik atama sifatida ko‘p qo‘llanilgan va suv ombori, kanal, suv havzasi ma’nosida ishlatilgan. Jumladan, Burjan, Madjan, Sangjan, Ro‘yjan, Sanbikjan, Obijam kabi joy nomlari bunga misoldir.

Jom so‘zining bekat, istehkom, yom ma’nosida ishlatilishi ham ta’kidlanadi. Jom, Jom cho‘li, Jumrud kabi joy va suv nomlari borligi “Boburnoma”da, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida, V.Bartold asarlarida eslatib o‘tiladi.

Jom so‘zi yom//jam//zam shakllarida ham uchraydi va u mo‘g‘ulcha «yo‘l» degan ma’noni anglatadi. Mo‘g‘illar hukmronligi davrida esa, savdo, aloqa yo‘llaridagi bekat, ot-ulovlarni almashtiradigan joy, xabarlarni bu bekatdan narigisiga etkazish uchun xizmat qiladigan saroydir.
Ayrim tilshunoslar Jomboy toponimining jom//jan//yom so‘zlari bilan aloqasi yo‘q deb ko‘rsatadilar. X.Doniyorovning tadqiqotlarida, o‘zbek xalqining 92 bovli urug‘i sanalganda, ular tarkibida Jomi urug‘i ham eslanadi.
Z.Do‘simov, X.Egamov o‘zlarining “Joy nomlarini qisqacha izohli lug‘ati”nomli kitobida Jomboy so‘zini etnonim sifatida izohlaydilar. Ushbu etnonimning jom qismi M.Koshg‘ariy eslatgan jumul urug‘ nomining qisqargan shakli bo‘lishi mumkin: jumul//jum//jom kabi. Chunki Jomboy tumanidagi qang‘li shevasida Jumboy tarzida talaffuz qilinadi. Ko‘pchilik lug‘at va adabiyotlarda etnonimning boy qismi badavlat, to‘kis, ko‘p, mo‘l ma’nolarini ifodalashi ko‘rsatiladi.

Lekin boybicha, boybotir, boybo‘ri, boyli, boyliqora, boyovul kabi etnonimlar tarkibida boshqa ma’no ifodalaydi. Tilda uning boy//bay//moy//may//poy//pay kabi variantlari uchraydi. U qanday variant va shakl, ma’noda ishlatilishidan qat’iy nazar morfologik va sintaktik usul bilan etnonim hosil qilingan.

Xullas, etnonimning o‘zagida urug‘ nomi mavjud. Chunki uning tarkibida ham jumul+boyli-jomboy; Jomi-boyli-jom-boy. Jomboy etnonimi asosida shakllangan toponimlar Qozog‘istonning Gurev viloyatida, Samarqand viloyati Jomboy, Pastdarg‘om tumanida Jomboyli, Urgut tumanida Jomboyliravot, Boysun tumanida Jomchi, Nurobod tumanida Jom nomlarining tarqalgani shundan dalolat beradi. Xullas, Jomboy qipchoqlarning bir urug‘i nomidir.

Asqarbek QURBONOV,

tuman hokimi maslahatchisi.

Teglar
- -