Samarqand mahallasida nimalar bo‘lyapti?
Shayman qishlog‘idan tuman tibbiyot birlashmasi yo‘nalishi bo‘ylab Kattaqishloq mahallasiga o‘tgan yurtdoshlarimiz ko‘nglida shunday savol tug‘ilayotgan bo‘lsa ajabmas. Darhaqiqat, ayni kunlarda ushbu hudud obodonchilik markaziga aylandi. Jarayonda Shukur Burhonov va Samarqand ko‘chalari mukammal ta‘mirlanishi, yo‘l yoqasida gulzor barpo etilishi maqsad qilinmoqda.
– Ushbu 4K-502 avtomobil yo‘lining 3,5 kilometr qismi yangidan asfalt qilinadi, – deydi yo‘llardan foydalanish davlat unitar korxonasi direktori Sherzod To‘lanov. – Hozir ishlar jadallik bilan davom etyapti. Bundan tashqari, yo‘l yoqasi bo‘ylab beton ariqlar o‘rnatiladi. Yo‘lning o‘rtasida joylashgan 650 metr ajratuvchi bo‘laklar gulxonaga aylantirilishi ham ko‘zda tutilgan.
Chindan hududda obodonlashtirish boshqarmasi mehnatkashlarining gulzor barpo etish uchun joy hozirlashayotganiga guvoh bo‘ldik. E’tiborlisi, sun’iy sug‘orish tizimi ham tortilar ekan. Shuningdek, tibbiyot birlashmasidan Shayman chorrahasiga qadar qurilgan piyodalar yo‘lagi atrofi ko‘kalamzorlashtirilib, xiyobon ko‘rinishini olmoqda.