61-sessiya: Imtiyozli kreditlar havoga sovurilmoqda

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdagi – 61-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda jinoyat, fuqarolik hamda iqtisodiy sud mutasaddilari joriy yilning o‘tgan davridagi faoliyat samaradorligi yuzasidan axborot berishdi.

Shuningdek, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Farhod Majidov xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturining iyul oyidagi ijrosi yuzasidan hisobot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 7 oyi davomida xizmatlar sohasida 220 ta yangi kichik biznes subyektlari tashkil etilgan. Natijada 8728 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanib, umumiy reja 101,4 foizga bajarilgan.

– Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 18,4 gektar maydonlar 343 ta lot shaklida auksion savdolariga chiqarildi, – deydi F.Majidov. – Shu bilan birga “Ko‘chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori asosida auksion g‘olibi bo‘lgan 76 ta subyekt uchun yer maydonlari ajratib berildi. Bu boradagi samaradorlikni yil so‘nggiga qadar saqlab qolish asosiy vazifamizdir.

Sessiyada aksiyadorlik-tijorat “Agrobank” tuman filiali boshqaruvchisi Suhrob Mirzaxo‘jayev tumanda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida ajratilgan imtiyozli kreditlar mavzuida so‘zga chiqdi.

Ta’kidlanishicha, filial tomonidan yanvar-iyun oylarida 513 ta mijozga 13,1 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Shundan 1,7 milliard so‘m qismi “Ayollar daftari”dagi 157 nafar xotin-qizlar uchun berilgani e’tiborga molik. Bundan tashqari, asosiy mablag‘lar hajmi issiqxona, parrandachilik, asalarichilik yo‘nalishlari hamda hunarmandchilik asbob-uskunlari uchun ajratilgani qayd etildi. Natijada, 520 nafar ishsiz ayollar va yoshlar bandligi ta’minlangan.

– Afsuski, yaratilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilish holatlari ham uchrab turibdi, – deydi S.Mirzaxo‘jayev. – Birgina misol, o‘rganishlarimiz davomida 15 ta mijozga ajratilgan mablag‘lar maqsadsiz sarflab yuborilgani aniqlandi. Jumlandan, Dehqonobod mahallasida istiqomat qiluvchi M.Melimurodova 22 million, Katta qishloq mahallasida yashovchi N.Rahmonova 30, Naymantepa mahallasidan A.Mamadaliyev 33 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini belgilangan maqsad uchun yo‘naltirmagan. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnoma kiritilmoqda.

Kun tartibiga ko‘ra, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha 3- va 4-sektorlar faoliyati tahlil qilindi.

Tuman kengashi kotibiyati.

2015-2024 © GOVERNMENT OF JOMBOY DISTRICT. Maked by: SAKTRM