Yurtimizda ayollar huquqlarini himoya qilish, turli sohalarda o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Buni olis tumanlar, chekka qishloqlarda istiqomat qiluvchi aholi ham his qilmoqda.
Tumanimizning No‘sh mahallasini olaylik. Xotin-qizlarning ishga joylashishiga ko‘maklashish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi ayollarni markazlarga jalb etgan holda biznes boshlashiga yordamlashish keng ko‘lam kasb etmoqda. E’tiborga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan opa-singillarimizga amaliy yordam berishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Mahallada 667 ta oila yashaydi. Xonadonma-xonadon o‘rganish orqali 1646 nafar xotin-qizlar orasidan 62 nafari “Ayollar daftari”, 1 nafari “Temir daftar”, 61 nafari “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olindi. Yil boshidan beri 27 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi.
Muammolarni erta aniqlash orqali 25 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi xotin-qizlar qisqa muddatli o‘quv markazlarida turli kasblarga o‘qitildi. Shundan 11 nafariga tikuv dastgohi, 9 nafariga pishiriq pechi ajratildi. Bundan tashqari, 5 ta oilaga issiqxona va parrandachilik uchun sharoit yaratib berildi.
Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida 2 nafar boquvchisini yo‘qotgan ayollar hamda 5 nafar 2-guruh nogironlariga 980 ming so‘mdan, 11 ta kam ta’minlangan oilalarning voyaga yetmagan farzandlariga 500 ming so‘mdan moddiy yordam tarqatildi. Shuningdek, 17 nafar bemor ayollarga bepul dori-darmon berilyapti.
Demoqchimizki, No‘sh hududida aholi muammolarini manzilli o‘rganish va hal etish borasida muayyan yutuqlarga erishilmoqda. Bunda mahalla raisi boshchiligida shakllangan jamoaning ham o‘rni bor.
Nodira BARATOVA,
tuman kengashi deputati.