Respublikamizning barcha viloyatlarida bo‘lgani kabi tumanimiz maktablarida ham 11-sinf o‘quvchilari uchun so‘nggi qo‘ng‘iroq yangradi. Erta tongdan 56 ta umumta’lim maktabida “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida bayram tadbirlari tashkil etildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining xabar berishicha, joriy o‘quv yili so‘nggida 1807 nafar jomboylik yigit-qizlar katta hayotga qadam qo‘yishdi. Ular orasida yuz nafarga yaqini muddatidan avval talaba bo‘lgani, 40 nafardan ortig‘i oltin va kumush medallarga tavsiya etilgani e’tiborga molik.
Davlat madhiyasi sadolari bilan boshlangan tadbirlar Prezidentimizning bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga tabrigini o‘qib eshittish bilan davom etdi.
22-umumta’lim maktabida o‘tgan tadbirda tuman hokimi Qayum Sobirov ishtirok etdi va bitiruvchilarni maktab dargohidan mustaqil hayot sari qadam qo‘yishgani bilan tabrikladi.
O‘quv yili davomida yuqori natijalarga erishgan ustoz-murabbiylar, o‘quvchi-yoshlar hamda ularning ota-onalari hokimlik tashakkurnomasi, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Vatan va yoshlik madhiga bag‘ishlangan musiqiy chiqishlar tadbirga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.