Uch deputatning vakolati muddatidan avval tugatildi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalq deputatlari tuman kengashining o‘ttiz to‘qqizinchi sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishning holati yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Shavmanov axborot berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davrida 230 ta jinoyat sodir etilgan. Ushbu raqam o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 75 foizga oshgani vaziyatning barqaror emasligidan darak beradi.

– Jamoatchilik nazorati borasidagi ishlarimiz ham qoniqarli emas, – dedi S.Shavmanov. – Mahallalar kesimizda oladigan bo‘lsak, 26 ta hududda jinoyatchilik ko‘rsatkichi oshganini ko‘ramiz. Faqat 3 ta mahallada 9 oy badaliga noxush vaziyat kuzatilmadi.

Kun tartibiga ko‘ra, mahalliy budjet parametrlarining ijrosi, qo‘shimcha rezervlarni aniqlash bo‘yicha qilingan ishlar, aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yil uchun budjet rejasi 55,1 milliard so‘m etib belgilangan. Yil yakunigacha prognoz ko‘rsatkichini 58,7 milliard so‘mga yetkazilishi kutilmoqda. Shundan bugungi kungacha mahalliy budjetga 42,2 milliard so‘m tushirildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 4-Samarqand, 21-Sarichashma, 28-Turkman okruglaridan saylangan deputatlar Dilshod Nurmatov, Ulug‘bek Nodirov hamda Vali Mo‘minovning vakolatlari muddatidan avval tugatildi. Shuningdek, reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi K.Umarova hamda 12-Qo‘ng‘irot saylov okrugidan deputat Sanjar Mamatqulovning faoliyati sarhisob qilindi.

2015-2021 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM