“Zarafshon”ga sayyoh kelmadi…

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Turizm mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanadi. Bu borada tumanimizda ham muayyan ishlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i Jomboy ekoturistik jozibadorligining tashrif qog‘ozi sanaladi. Ammo, so‘nggi bir yilda sayyohlar jalb etish ishlari orqaga ketayotgandek.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb 2,5 ming gektarni egallagan, noyob o‘simlik va hayvonot turlari saqlanayotgan, o‘ziga xos landshaftga ega bu maskanga 2020-yilda bitta ham xorijiy sayyoh kelmagan. 2019-yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 46 nafarni tashkil etgandi. Demak, bog‘da hal qilinishi kerak bo‘lgan qator muammolar bor.

Turizm bo‘yicha mutaxassis Bahodir Bozorovning fikricha, sayyohlarni kutib olish uchun alohida tashrif markazi va ekomarshrutning o‘zi yo‘q. Transport vositalari, mikroavtobuslar mavjud emas. Yoritkichlar o‘rnatilmagan va xavfsizlik tizimi ham talabga javob bermaydi.

Shuningdek, keyingi besh yilda “Zarafshon” milliy tabiat bog‘iga kichik hayvonot bog‘i tashkil qilish maqsadida 3 bosh tuya, 2 dona tuyaqush, 3 dona tovus, 2 bosh Amerika lamasi, 20 dona italiyan quyoni, 15 dona susarka, 4 dona yapon tovug‘i olib kelingandi. Ammo sharoit yaratib berila olmagani oqibatida ushbu yo‘nalish barham topdi, jonivorlar poytaxt hayvonot bog‘iga olib ketildi.

Bog‘ni 7 nafargina nozir qo‘riqlayotgani, foydalanadigan qurollar eskiligi alohida mavzu.

O‘ylashimizcha, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va sohaga mas’ul tashkilotlar tezkor choralar ko‘rishi zarur.

Tuman hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM