Ijro intizomi sessiya kun tartibida

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalq deputatlari tuman kengashining 59-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish davlat dasturi ijrosi, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari hamda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ko‘rsatkichlari muhokama etildi.

Shuningdek, xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi ijrosi yuzasidan iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi bosh mutaxassisi Botir Tojiboyev axborot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning I yarim yilligida xizmatlar hajmini 569,7 milliard so‘mga yetkazish, 7371 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

– Bugungi kungacha ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 141,9 foizga bajarildi, – dedi – B.Tojiboyev. – Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 7681 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Sessiyada qonunchilik hujjatlari ijrosi hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligi holati tahlil qilindi. Mavzu yuzasidan tuman hokimligi ijro nazorati bosh mutaxassisi Bekzod Qosimov so‘zga chiqdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davrida xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim bo‘limlari, tibbiyot birlashmasi, elektr tarmoqlari korxonasi va gaz ta’minoti filialida o‘rganish o‘tkazilgan.

– Afsuski, hujjatlar yuritish, aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi vaziyatni qoniqarli baholash mushkul, – dedi B.Qosimov. – Ayniqsa, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida ijro intizomi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Olaylik, aksariyat mas’ullarning yillik ish reja tuzmay, tegishli tartibda rasmiylashtirmay ish yuritayotgani haqiqiy holatni baholab turibdi. Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi ham shunga yarasha – ijroga qaratilmagan yoki muddati buzib bajarilgan.

Hisobotda qayd etilganidek, bo‘limga yil davomida 58 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 22 tasining ijrosi ta’minlanmagan. Yuqori organlardan kelib tushgan 96 ta topshiriq hujjatlarining 31 tasi shunchaki, o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ham bo‘limni tubdan isloh qilish zarurligini anglatadi.

Kun tartibiga ko‘ra, faoliyati tugatilgan ayrim fermer xo‘jaliklari yer maydoni zaxiraga qaytarildi. Hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligi mavzuidagi masala 60-sessiyaga qoldirildi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM