Qo‘lbostiliklar kovuldan million daromad topyapti

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Kovul o‘simligi tumanimizning qir­-adir, lalimi yerlarida, kanal yoqalarida ko‘p o‘sadi. Ushbu o‘simlik oyog‘imiz os­tida yotgan xazina ekanini bilasizmi?

Qo‘lbosti mahallasida yashovchi aholi kovul terish bilan azaldan shug‘ullanib kelishadi. May oyidan avgustga qadar kovul teradigan oilalar bor. Jizzax viloyatida joylashgan korxona vakillari kelib, uning kilosini 15-20 ming so‘mdan xarid qilib, olib ketishar ekan. 

– Farzandlarim bilan kuniga 20-30 kilogramm kovul teramiz, – deydi Masuda Ashurova. – Qishloq aholisi terib kelgan kovulni ham sotib olamiz. O‘simlik mevasi gullamasdan avval terib olinadi. Dovuchchasining kichikligi moshdek, kattaligi no‘xot donasidek bo‘lishi zarur.

Terib olingan mahsulot saralab olinganidan so‘ng sho‘r suvga solib qo‘yiladi va shu holatda ikki kun saqlanadi. Chunki sho‘r suvda saqlansa, so‘lib qolmaydi va sifatini ham yo‘qolmaydi. Kovul ortidan oilaning bir oylik daromadi mavsum davomida 4-5 millongacha yetadi.

Bu o‘simlik suvsizlik va sovuqqa o‘ta chidamli. Ammo keyingi vaqtlarda yerlarning o‘zlashtirilishi natijasida tikonli buta o‘simligi yo‘qolib bormoqda. Oldinlari qishloq hududidagi tepaliklar yon bag‘rida kovul butalari juda ko‘p bo‘lgan. Keyinchalik g‘isht chiqarish sexlari ko‘payibdi. Tepaliklar va qarovsiz joylardan tuproqlar olina boshlangan. Natijada kovul o‘simligi kamayib ketgan.

Mutaxasislarning fikricha, kovulning ildizidan tortib bargigacha shifobaxshdir. Ildizidan allergiyaga chalingan bemoqlar uchun dori vositasi tayyorlanadi. O‘simlik ildizidan qilingan damlama gepatitga shifo bo‘ladi.

Kovuldan tayyorlanuvchi salatni turkiyaliklar sevib iste’mol qilishadi. Uning 100 grami xorijda 1 AQSh dollariga baholanar ekan. 

Tumanimiz tuprog‘ida o‘sayotgan shunday noyob o‘simlikni mahalliylashtirish haqida ham o‘ylab ko‘rish lozim. Qayta ishlash orqali eksportga yo‘naltirilsa, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Shu orqali agrar sohani yanada taraqqiy ettirish mumkin.

Ahror SHAMSIYEV.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM