Prokuratura faoliyati tahlil qilindi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalq deputatlari tuman kengashining oltmish ikkinchi sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Mavzu yuzasidan tuman prokurori J.Ahmedov so‘zga chiqdi.

Qayd etilishicha, tuman prokuraturasi tomonidan bu boradagi ishlar tizimli nazoratga olingan. Jumladan, bugungi kungacha prokuror qarori va taqdimnomasi asosida 66 nafar shaxslar intizomiy, ma’muriy, moddiy javobgarlikka tortilgan. Mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlarga 41 ta protest, sudlarga 38 ta da’vo arizasi kiritilgan.

– O‘tkazilgan tekshiruv va jinoyatlarni tergov qilish jarayonida qariyb 2 milliard so‘mlik zararlar undirilib, budjetga tushishi ta’minlandi, – deydi J.Ahmedov. – Qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 32 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Nazorat tadbirlari davomida hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlar va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Sessiyada tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i O‘ktam Xoliqovning axboroti ham eshitildi. Unga ko‘ra, joriy yilning II choragi davomida tumanimiz hududida umumiy jinoyatlar 10,8 foizga oshgan. Yuz bergan 154 ta jinoyatning 62,3 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tasnifiga kiradi. Bu esa profilaktik ishlar yetarli emasligini anglatadi.

Shuningdek, tadbirda budjet daromadlarining bajarilishi, qo‘shimcha rezervlarni aniqlash, soliq tushumlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvvatlash bo‘limi boshlig‘i U.Mamatov fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatida uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar yuzasidan axborot berdi.

Majburiy ijro, suv xo‘jaligi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM