Holvoyida bayram: Imom Abdulaziz maqbarasi, Chinor guzari va 28-DMTT foydalanishga topshirildi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Bayram arafasida yangi barpo etilgan ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirilmoqda. Holvoyi mahallasi bugun bayram tantanalarining markaziga aylandi.
Qayd etish joizki, o‘tib borayotgan yilda hudud “Obod qishloq” dasturi asosida qayta chiroy ochdi. Yangi yo‘llar barpo etildi. Suv, elektr tarmoqlari tortildi. Quvonarlisi, ushbu jarayonda mutafakkir shoir, tariqat ilmining yirik namoyandasi Shayx Abdulaziz Shamsulayimma mangu qo‘nim topgan maskan ham obodonlashtirildi. Eski bino va inshootlar o‘rnida zamonaviy masjid, sag‘ana ustiga muhtasham maqbara qurildi. Ushbu xayrli ishlar xalqimiz birdamligiga namuna sifatida hashar va homiylik hisobidan ro‘yobga chiqqani e’tiborga molik.
Erta tongdan nuroniy otaxonlar, tumanimiz ziyolilari va jamoatchilik vakillari ziyoratgohda bo‘lib, qur’on oyatlari o‘qildi. Qurbonlik keltirilib, xalqimizga tinchlik, obodonchilik ishlariga bardavomlik tilandi.
Bayram tadbirlari qishloq markazida joylashgan ming yillik chinor ostiga ko‘chdi. Ushbu maskanda tuman hokimligi tashabbusi bilan mahalla guzari barpo etilgan bo‘lib, 450 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu yerda shirinlik va holvapazlik markazi, iste’dodli yoshlar uchun to‘garak xonalari faoliyat yuritishi ko‘zda tutilyapti. Hudud aholisi yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Mavjud qo‘shimcha xonalar mahalliy hunarmand yoshlar, xotin-qizlar uchun bepul ijaraga berilishi bildirildi.
Chalaqo‘rg‘o‘n tumanimizning tarixiy maskanlaridan biri sanaladi. Bu yerda azaldan ilm-ma’rifat rivoj topib, ziyolilar qo‘nim topgan. Uchunchi renessans sari odimlayotgan yurtimiz uchun ilm zanjiri va vorisiylikni ta’minlash muhim. Qishloqda barpo etilgan zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti shu jihatdan ahamiyatlidir. Davlat dasturiga kiritilgan ushbu loyiha 1 milliard 800 million so‘m respublika budjeti mablag‘lari hisobidan ro‘yobga chiqdi. Ochilish marosimi ishtirokchilari bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Tadbirlar “Dilorom” bazmgohida bir payola choy ustida davom etdi. “Uch avlod uchrashuvi” shaklida tashkil etilgan tadbirda bir guruh fidoyilar, mehnat faxriylari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM