Shayman bozori ming yil avval qanday bo‘lgan?..

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Bozor ma’muriyati e’tiboriga!

“Ravshan” dostonida shunday lavha bor.  Ishq dardiga yo‘liqqan Ravshanxon yorini izlab, bozor kezadi. Do‘ppi tikib, sotgan Zulxumorni topgunga qadar go‘sht, un, to‘n, meva bozorlaridan o‘tadi. Chang-u, loy ko‘chalar, turfa xil mahsulotlar qorishiq sotilayotgan rastalar...

Ta’kidlash kerakki, asarda ming yillar avvalgi to‘kin, ammo tartibsiz sharq bozorining manzarasi to‘liq ochib berilgan. Bu ming yil avvalgi gapda, deyishga shoshilmang. Tumanimizdagi Shayman bozorining bugungi manzarasini ko‘rgan kishi Ravshanxon Zulxumoroyimni ayni shu bozordan izlamaganmikan, degan xayolga borishi tayin.

Yakshanba. Shayman bozori har doimgidek gavjum. To‘kinlikni ko‘rib, kishining bahri dili ochiladi. Afsuski, bozor darvozasidanoq boshlanadigan tartibsizlik ana shu zavqqa soya tashlab turibdi.

Oltmish sotix maydonni egallagan avtoturargohda avtomobillar qalashib ketgan. Aniq tartibga olinmaganidan kirishda ham, chiqishda ham tiqilinch vaziyat yuzaga kelgan. Hududning bir chetida qatorlashgan yuk avtomobillarida poliz va non mahsulotlari sotilyapti. Bunday mahsulot uchun bozor ichkarisida maxsus rastalar yo‘qmikan, degan savol bilan ichkariga yo‘nalamiz.

Bozor darvozasidan hatlashimiz bilan yanada qiziq vaziyatga duch keldik. Qo‘lbola, ko‘chma rastalar qatori. Bu yerda har qanday mahsulotni topishingiz mumkin. Kiyim-kechak deysizmi, qurilish ashyolarimi, boringki, salqin ichimliklar-u, go‘sht mahsulotlari ham yonma-yon, aralash sotilmoqda. Bir ayol esa yanada qulay usulni topibdi. Bitta rastada oyoq kiyimlari va qoramol jigari birvarakayiga savdoga qo‘yilgan.

Yanada ichkariroq yurib, ko‘katlar rastasi yonidan chiqdik. Aslida rasta deb ham bo‘lmaydi-yu, shundoqqina yerga to‘shab, ustida iste’molbop mahsulotlar sotilayotgan yelim supralarni nima deb atalishini topolmadik.

Bir-ikki “ishbilarmon” qatiq, chakki kabi sut mahsulotlarini ham shu tahlit sotyapti. Yaqin atrofda “Sut-qatiq mahsulotlari” degan yozuv ilingan povilyon e’tiborimizni tortdi. Ichkariga yo‘nalamiz. Ha, gap bu yoqda ekan-da. Sut mahsulotlari uchun mo‘ljallangan rastalarni kalla-pocha, ichak, chigar kabi go‘sht mahsulotlari “ishg‘ol qilibdi”. Baliq savdosi bundan-da qizg‘in, shundoqqina tashqarida tosh to‘shalgan yerning o‘zida sotilyapti. Savdogarlardan birini savolga tutamiz.

– Baliq, go‘sht mahsulotlarini bu tartibda sotish sanitariyaga to‘g‘ri kelmaydi-ku.

– E, qiziq ekansiz-da. Bu baliq, suvda tug‘ilib, suvda yashagan jonivor. Suvga solsa, yana toza bo‘laveradi.

– “SES”chilar hech narsa deyishmaydimi?

– Soliqni to‘lab qo‘ygan bo‘lsak, kim nima derdi!..

Manzaradan dilgir holda tashqariga yo‘naldik. Darvoza yonida bir onaxon o‘tgan-ketgandan supurgi qayerda sotilishini surishtirib yurgan ekan.

– Supurgini ho‘ naridan, meva-sabzavotlar qatoridan topasiz, – dedi kimdir...

***

Xullas, Shayman bozorining alomat xislatlari ko‘p. Hali, har qadamda to‘rtta g‘ishtni tiklab kabob, changga bo‘kkan yo‘l yoqasida non sotayotganlar, daraxtzorni rasta qilgan kiyimfurushlar haqida aytmadik.

Belgilanmagan joylarda savdo qilayotganlarni tartibga solish, noqonuniy faoliyatga chek qo‘yish o‘rniga, patta uchun pul yig‘ib, chek taqdim etmaslik, avtoturargohlarni xo‘jasizlarcha tasarruf etish holatlari esa alohida mavzu. O‘ylaymizki, mutasaddilar haqiqiy holatga e’tibor qaratishadi.

Aslini olganda, hech kim havasga sharoit yetarli bo‘lmagan joyda qishda zax, yozda changga botib savdo qilishni istamaydi. Demoqchi bo‘lganimiz, o‘sha tartibsiz faoliyat yuritayotgan savdogarlar ishini tartibga olish, qoniqarli faoliyat yuritishi uchun yetarli sharoitlar yaratish zarur.

Orifjon ODILOV,

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM