Bekatga boy shahar, bekatlaring qani?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

“Jomboy” so‘zi qanday lug‘aviy ma’noni anglatishini bilasizmi? Bu nom siz-u, biz o‘ylagandan ancha qadimiyroq. Xitoydan O‘rta Yer dengizigacha cho‘zilgan Buyuk Ipak yo‘li qachonlardir Sharq va G‘arb xalqlarini bog‘lab turuvchi iqtisodiy-siyosiy va madaniy rishta bo‘lib xizmat qilgan. O‘sha vaqtlarda Sheroz nomi bilan dong taratgan tumanimiz bu ko‘hna yo‘lning chorrahasida joylashgan edi. Karvonlar uchun bunyod etilgan maxsus bekatlar “Yom” atamasi bilan yuritilib, unda yo‘lovchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo bo‘lgan. Aytishlaricha, qadimiy Sherozda bunday bekatlar juda ko‘p bo‘lgan. “Yomga boy”, ya’ni “Jomboy” atamasi shu tariqa vujudga kelgan ekan. Bugun esa...

Yaqinda qo‘shni viloyatlik do‘stlarimiz mehmonga kelishdi. Tumanimizning diqqatga sazovor joylarini aylandik. Jomboyning xushmanzara tabiati ularga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, yirik sanoat korxonalarining ko‘payib borayotganidan quvonishdi. Qaytar mahali mehmonlardan biri so‘z qotib qoldi:

– Jomboyni bekatga boy, deb bilardik. Birorta bekat ko‘rinmadi-ku...

Ochig‘i, bu so‘zlardan biroz xijolat tortdik.

Darhaqiqat, tumanimiz bugun ham respublikaning ikki mintaqasini bog‘lab turgan asosiy magistral yo‘l – M-39 avtomagistrali ustida joylashgan. Bulung‘ur tumani chegarasidan Samarqand shahriga qadar kamida oltita bekat mavjud. Ammo birortasini risoladagidek, deb bo‘lmaydi. Ayrimlari mustaqillikdan avval qurilgani sabab xalq tilida hanuzgacha “Oktyabr”, “Partsyezd”, “Jdanov” kabi eski nomlar bilan yuritiladi. Ayrim joylar esa nomiga bekat ataladi. Jomboy buyum bozori ro‘parasidagi azamat chinorlar soyasi mana necha yillardirki, viloyat markaziga qatnaydigan yo‘lovchi tashish transportlari uchun avtoshohbekat vazifasini o‘tab kelayotir. Vaholanki, sal ichkariroqda davlat budjetidan millionlar sarf etilishi hisobiga bunyod qilingan shohbekat mavjud. Lekin undan hatto avtobuslar ham foydalanmay qo‘ygan. Haydovchilarga chinor soyasi qulayroq.

Bugun yurtimiz yanada chiroy ochib boryapti. Zamonaviy shifoxonalar, maktablar qurilyapti, turar joy binolari, yo‘llar bunyod etilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, arxitektura tizimiga e’tibor katta. Shunday ekan, shahar ekotizimining ajralmas qismi bo‘lgan zamonaviy bekatlar qurish borasida nima uchun arxitektura xodimlari taklif kiritmaydi? Zamonaviy bekat loyihalarini yaratish, mutasaddi tashkilotlarga taklif bilan chiqish mumkin-ku!

Aslini olganda, bitta bekat uchun 8-10 million so‘m mablag‘ talab etiladi. Azaldan bekat bilan yonma-yon turli do‘kon, aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bo‘lgan. Demoqchimizki, shu kichik masalani ham davlat dasturiga kiritish shart emas. Faqat istak kerak.

Orifjon ODILOV,

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM