Navoiy Jomboyga kelganmi?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Barcha davrlarning eng buyuk shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi tumanimizda keng nishonlandi. Ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda bayram tadbirlari, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazildi. Taniqli ijodkorlar, adabiyotga ixlosmand yoshlar davrasida bobomiz merosidan namunalar yod aytildi.

“Barkamol avlod” maktabida o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi va sektor rahbarlari, adabiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Buyuk mutafakkir hayoti va ijodi yuzasidan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Nasr va nazmdagi o‘lmas asarlardan parchalar o‘qildi.

Qayd etish joizki, bobokalonimiz qariyb olti asr avval aytgan hikmatlari bugungi kun uchun ham ahamiyatini yo‘qotmagan. AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Tojikiston kabi dunyo mamlakatlarida ul zotga atab yodgorliklar barpo etilgani bejiz emas. Bugungi kungacha Navoiy ijodiga bag‘ishlangan 500 dan ortiq doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan bo‘lsa, ularning aksariyati shoir ijodining umuminsoniy qirralarini ochib bergan.

Tadbirda Samarqand davlat universiteti professori Mahkamoy Tursunova so‘zga chiqdi.

– Hazrat Navoiy 1465-1466-yillarda Samarqandda yashab, ijod qilgani barchamizga ma’lum, – dedi navoiyshunos olima. – Manbalarda yozilishicha, ulug‘ shoir shahar atrofidagi bahavo, so‘lim mavzelarga tez-tez sayohat qilar, mahalliy shoir va adabiyot ixlosmandlari bilan muloqot o‘rnatar ekan. Demak, bobokalonimizning qadami tumanimizga ham yetgani shubhasiz. O‘sha davrda bu hududlarda yetuk alloma va shoirlar qo‘nim topganini hisobga olsak, ajdodlarimiz bilan muloqotlar qilganlari ham oydinlashadi. Bu albatta, qalbimizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

 Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM