Konstitutsiya islohoti: O‘qituvchining maqomi belgilanmoqda

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mamlakatimizda yirik siyosiy jarayon – Konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangilanayotgan Bosh Qomus jamiyatimizda inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadini ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.

Ayniqsa, 41-modda tahriri, bu borada bildirilgan takliflar ta’lim tizimida kutilayotgan o‘zgarishlar qiyofasini belgilab beradi. Ta’kidlash joizki, amaldagi konstitutsiyada ta’limga oid normalar birgina moddada ask ettirilgan. Yangi tahrirga ko‘ra, 50-51-52-moddalar ushbu sohaga bag‘ishlanadi.

Jumladan, ta’lim olish huquqi kafolatlanishi bilan bir qatorda, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishi bir xilda qo‘llab-quvvatlanishi ilk bor rasmiy asosda mustahkamlanmoqda. Qolaversa, inklyuziv ta’lim-tarbiya atamasining konstitutsiyada aks etishi e’tiborga molik. 

Eng asosiy o‘zgarish o‘qituvchilarning maqomi bilan bog‘liq. Ya’ni, 52-moddada avval bo‘lmagan yangi norma kiritilmoqda. Unga ko‘ra, o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. Ushbu normalarning konstitutsiyaga kiritilishi zamonaviy o‘zbek pedagogikasida yangi davrni boshlab berishi shubhasiz.

Joylarda konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. 40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘tgan tadbirda ta’lim tizimida kutilayotgan o‘zgarishlar mavzuiga alohida e’tibor qaratildi. Tajribali o‘qituvchilar fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Shohista NAMOZOVA,

Maktab direktori, tuman kengashi deputati.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM