Tuman hokimligi bayonoti

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm
Ijtimoiy tarmoqlarda “Jomboydagi janjalga hokim aralashishga majbur bo‘ldi. Kesilgan daraxtlar mojarosi” sarlavhali videolavha tarqalmoqda. Unda tumanimizdagi Qang‘li mahallasi hududida 1 gektar maydondagi teraklar o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangani aytiladi.
So‘z yuritilayotgan maydon “Obloqul Mardiqobilov OOO” fermer xo‘jaligining suvli ekin maydonlari hisoblanadi. Hudud ushbu mahallada yashovchi fuqarolar Nasriddin Nazarov hamda Qamariddin Nazarov tomonidan noqonuniy egallab olingan. Ushbu fuqarolarning yerdan vaqtincha foydalanishga doir huquqiy hujjatlari mavjud emas. Videolavhada aytilgan ikkilamchi shartnoma tuzilgani hamda soliqlarni to‘lab borganiga doir iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-dekabrdagi 1012-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, 2020-yil 8-may kuni egallab olingan terakzorni ochiq ekin maydoniga o‘tkazish to‘g‘risida tuman hokimi qarori qabul qilingan. Jarayonda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xulosasi olingan. Bu haqida N.Nazarov va Q.Nazarov fermer xo‘jaligi rahbari Dilshod Mardiqobilov tomonidan bir necha bor ogohlantirilgan. Joriy yilning 9-may kuni ekin maydonida eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun teraklar kesib olingan.
Videolavhada daraxtlarning kesilishi mamlakatimizda joriy qilingan maratoriy talablariga zid, deya talqin qilinadi. Vaholanki, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasi, 1-qismi, 4-bandiga ko‘ra, yog‘och olish va mevalar yetishtirish uchun maxsus ekilgan, yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo‘lgan daraxt va butalar (jumladan teraklar)ni kesish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinmaydi.
Shuningdek, 2021-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonining 2-bandiga asosan, maratoriy faqat qimmatbaho navlarning kesilishiga nisbatan tadbiq etiladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, yuridik yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarining mulki bo‘lgan va ular tomonidan yog‘och hamda hosil olish maqsadida ekilgan daraxt va butalar (teraklar va boshqa tez o‘sadigan o‘simlik turlari) maratoriy ta’sir doirasiga kirmaydi.
Fermer va fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelgan nizo tuman hokimi va tegishli soha mutasaddilari ishtirokida bevosita joyida o‘rganilgan. Videolavhadagi kadrlardan anglashilganidek, hokimlik nuqtainazari qonunchilikni ta’minlash va tomonlarni murosaga keltirishga qaratilgan. Jomboy tuman hokimligi ayrim jurnalist va blogerlarning vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilishini kasb etikasiga zid, deb hisoblaydi.
2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM