
“Barkamol avlod” bolalar maktabida “Oqila ayollar” harakati tashkil etilganligining bir yilligi munosabati bilan “Ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-ma’naviy yetuk xotin-qizlar – oila va jamiyat taraqqiyoti kafolatidir” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda “Oqila ayollar” harakati hamkorligida o‘tgan tadbirda katta hayot tajribasiga ega onaxonlar, faol xotin-qizlar ishtirok etishdi.
Tuman hokimi o‘rinbosari Hilola Rahimova, Iqtisodiyot va servis instituti dotsenti Yulduz O‘rinboyeva, “Oqila ayollar” harakati rahbari Hafiza O‘sarova, “O‘zLiDeP” viloyat kengashining ayollar bilan ishlash bo‘limi mudiri Marhabo Cho‘liyeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida to‘xtaldilar.
Shuningdek, tadbir davomida jamiyatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish borasida taklif va tashabbuslar bildirildi. Huquqbuzarlikka moyil xotin-qizlar bilan yakka tartibda ish olib borish, onalar va bolalar huquqini himoya qilish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda fikr almashildi.
Tadbir yakunida konsert dasturi namoyish etildi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan bir guruh faol ayollar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.