Yo‘lni to‘smang, javobgarlikka tortilasiz

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Kundalik ehtiyojlar sabab, kimdir avtomobilda, yana kimdir piyoda yo‘lga chiqadi. Albatta, jamoat transportlaridan ham foydalanuvchilar bisyor. So‘nggi yillarda avtomobil sanoati ham sezilarli rivojlandi. Shahar va tuman markazlarida qatnov ancha jonlandi. Buning ortidan yo‘llar kengaytirildi, harakat tartibga solindi.
Ammo, ba’zi aholi qismi bunday harakat qatnashchilariga  to‘sqinlik qilmoqda. Yaqinda bir janozada qantashdik. Marhum endigina 12 yoshga to‘lgan ekan… O‘lim sababi esa yo‘l transport hodisasi.
Ma’lum bo‘lishicha, bolakay yo‘l yoqasiga to‘kilgan shag‘al oldidan o‘tib ketayotganda qarama-qarshi tomondan kelayotgan avtomobil urib ketgan. Afsuski, yo‘l yoqalariga turli xil qurilish mollarini, qum-shag‘allarni to‘kib, harakat qatnashchilariga halal berish holatlari ko‘plab uchramoqda. Buning ortidan yo‘l transport hodisalari va qurbonlar soni oshib boryapti.
Vaholanki, harakatlanishni sun’iy cheklash javobgarlikka sabab  bo‘lishi mumkin. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 172-sonli qarorida “Tegishli vakolatga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘l qoplamasini buzish, o‘zgartirish yoki zarar yetkazish, ifloslantirish, yo‘l belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan olib tashlash, o‘rnatish, to‘sib qo‘yish, shikastlantirish, yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish, “sun’iy notekislik” qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi”, – deya belgilab o‘tilgan. Yo‘l bilan bog‘liq bir ishni qilishdan avval masalaning shu kabi jihatlarini ham hisobga olsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

 

Mehroj FAYZILOV,
tuman kengashi deputati.

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM