O‘zbek-qozoq xalqlarining umumiy merosi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazida qozog‘istonlik olimlar ishtirokida xalqaro ilmiy davra suhbati o‘tkazildi. “Markaziy Osiyoda yassaviylik ta’limoti” mavzusidagi tadbirda respublikamiz va xorijning yetakchi manbashunos olimlari, tadqiqotchilar, diniy-ma’rifiy soha xodimlari qatnashdi.
Samarqandda tariqat ilmining yoyilishi, bunda Shayx Kamoliddin Iqoniy-Aliobodiyni o‘rni yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Kamoliddin Shayx o‘rta asr tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi, shoir va mutaffakir hisoblanadi. Ulug‘ ajdodimiz qardosh Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati, Iqon qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Keyinchalik, Toshkent va Samarqand bo‘ylab faoliyat yuritgan, ma’rifat ziyosini tarqatgan. Umrining so‘nggi yillarida tumanimiz hududida istiqomat qilib, 1492-yilda vafot etgan. U kishi mangu qo‘nim topgan maskan bugungi kunda ziyoratgoh hisoblanadi.
Davra suhbatida ishtirok etgan tumanimiz hokimi Qayum Sobirov “Shayx Kamoliddin Iqoniy” qabristonida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, hududda ziyorat va gastronomik turizmni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan so‘zga chiqdi. Tarixchi olim Mehrojiddin Omonov tomonidan nashrga tayyorlangan “Iqoniy” risolasi ilmiy jamoatchilikka taqdimot qilindi.
Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining falsafa, siyosatshunoslik va dinshunoslik instituti huzuridagi ilmiy markaz direktori Shag‘irbay Almasbek Duysenbekuli, tadqiqotchi olim Meymanxo‘ja Nurmuhammed Risbayuli mavzu yuzasidan fikr mulohazalarini bildirishdi.
Tadbir ishtirokchilari Nogahon va Polvonariq mahallalari hududidagi ziyoratgohda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM