Ekologiya sohasiga oid hisobot rad etildi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalq deputatlari tuman kengashining 89-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda xalq qabulxonasi mudiri H.To‘rayev aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda hokim yordamchilari faoliyati natijadorligini baholash mavzusida axborot berdi.
Qayd etilishicha, sohada uchrayotgan eng asosiy muammo imtiyozli kredit resusrlarining o‘z egasiga yetib bormayotgani hisoblanadi. Jumladan, so‘nggi 9 oyda “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi” doirasida hokim yordamchilari tavsiyasi bilan ajratilgan 316 million so‘mlik imtiyozli kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan. Ayrim holatlarda hokim yordamchisining e’tiborsizligi, loqaydligi oqibatida haqiqatda kreditga muhtoj yurtdoshlarimizga mablag‘lar ajratilmay qolib ketgan. Misol uchun G‘azira mahallasida yashovchi D.Oblaqulovaga 33 million so‘m kredit ajratish belgilangan bo‘lsa-da, ta’minotchi mahsulot yetkazib bermagani uchun, Qang‘li mahallasida yashovchi J.Esirgapovga 25 million so‘m kredit berish kutilgan bo‘lsa-da, eski motokultivator rasmiylashtirilgani uchun mablag‘lar ajratilmay qolgan. Bu kabi holatlar Qoramo‘yin, Shirinkent, Qo‘lbosti, Nogahon, Sherqo‘rg‘on mahallalarida ham kuzatilgan.
Tadbirda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi inspeksiyasi rahbari Jo‘rabek Rahmatov sohadagi nazoratni olib borish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Ammo mutasaddi keltirgan fakt va raqamlar deputatlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Jumladan, hisobotda qayd etilgan ayrim “Yashil hududlar” haqiqatda barpo etilmagan. Daraxt va ko‘chatlar o‘tqazish, sug‘orilishini ta’minlash, tabiatni asrashga qaratilgan nazorat ishlari ham yetarli darajada olib borilmagan.
Tuman kengashining avvalgi sessiyalarida ham ushbu jihatlar tanqid qilingani, ammo inspeksiya mas’ullari tegishli xulosa qilmagani ta’kidlandi. Viloyat atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga bu borada taqdimnoma kiritilishi belgilanib, hisobot rad etildi.
“Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlar ro‘yxati hamda mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalaridan foydalanish rejasi tasdiqlandi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM