“O‘zbekiston-2030” strategiyasida sud-huquq tizimi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-sonli “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan:
– barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish;
– aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish;
– aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
– xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;
– mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash asosiy g‘oyalar etib belgilandi.
Qolaversa, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlarni amalga oshirish borasida bir qator vazifalar belgilab berildi. Jumladan, aholi punktlarida ikki va undan ortiq polosali tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarini (tugmali) svetoforlar bilan to‘liq jihozlash, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish, sudlar hamda tergov organlari faoliyatida ayrim prosessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlarini kamida 2 barobarga oshirish nazardan tutilmoqda. Bundan tashqari:
– ma’muriy sudlarga bevosita murojaat qilishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni to‘liq bartaraf etish;
– sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish;
– sudga qadar hal etilishi mumkin bo‘lgan nizolar yuzasidan sudlarga kelib tushadigan ishlar sonini 50 foizga kamaytirish;
– ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarini yo‘l harakatini tartibga soluvchi belgilar va ishoralarga to‘liq tatbiq etish;
– ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish natijalari ustidan sudlarga yuborilayotgan shikoyatlarning 50 foizini elektron shaklda kelib tushishiga erishish;
– tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishlarining 100 foizida himoyachi yoki jamoat himoyachisi ishtirokini ta’minlashga erishish;
– sud tizimini boshqarishga sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini to‘laqonli joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari tizimini to‘liq shakllantirish;
– jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha 0,64 balni to‘plashga erishish;
– boshqaruv sifati indikatorlarining huquq ustuvorligi yo‘nalishi bo‘yicha 61,5 balni to‘plashga erishish;
– yagona elektron reyestr yaratish orqali jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan tortib ish yuzasidan hukm chiqarilguniga qadar bo‘lgan jarayonni individual raqam va QR-kodi orqali kuzatib borish imkoniyatini joriy qilish;
– dalillarni to‘plash va mustahkamlash faoliyatini zamonaviy texnologiyalar va so‘nggi ilmiy yutuqlarni joriy qilish orqali to‘liq raqamlashtirish;
– sud va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar toifasining kamida 30 foizini xususiy sektor yordamida ijro etishni yo‘lga qo‘yish;
– jiddiy oqibatlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sonini kamida 50 foizga kamaytirish;
– 100 foiz jinoyat ishlari va materiallarning elektron shakldagi nusxasini yuritish va ushbu ishlar bo‘yicha elektron hujjat almashinuvini ta’minlash maqsad qilinmoqda.
Mazkur farmon bilan qonun ustuvorligini ta’minlash va sud huquq tizimidagi islohotlarni amalga oshirish borasida bir qator vazifalar belgilab berildi.

 

Abdusattor ABDURAZZOQOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudi raisi.

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM