Jomboylik mahalla jamoalari uchun 4 kunlik seminar o‘tkazildi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Yaqinda respublikamizning barcha tuman-shaharlarida faoliyat yuritayotgan sektor rahbarlari poytaxtimizda mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha maxsus o‘quv-seminarida ishtirok etgandi. Unda yangi tartib asosida tashkil etilayotgan mahalla tizimini yo‘lga qo‘yish, “yettilik” ishini muvofiqlashtirish asoslari, aholi muammolarini aniqlash, jumladan, xotin-qizlar, yoshlar, ishsiz fuqarolar bilan ishlash tartib-taomillari taqdimot qilingan.

 Ushbu seminar dasturidan kelib chiqib, tumanimizda mahalla yettiligi uchun maxsus o‘quv yig‘ini tashkil etildi. Har bir sektor mahallalari uchun alohida tarkibda o‘tkazilgan seminar 4 kun davom etdi. Aniq kun tartibi, mavzulashtirilgan mashg‘ulot jadvallari ishlab chiqilgani, ishtirokchilar uchun ko‘rgazmali qurollar, ma’lumotnoma va darsliklar tayyorlangani e’tiborga molik.

Mahalla ishini yangi mezonlar asosida yo‘lga qo‘yish, ishsizlikka barham berish, yoshlar bilan ishlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash, jinoyatchilikning oldini olish, diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish mavzularida tuman hokimi va sektor rahbarlari, shuningdek har bir soha bo‘yicha mutasaddilar nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borishdi. Har bir bosqich yakunida ishtirokchilardan test imtihonlari olib borildi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda mahalla tizimi mutlaqo yangi, zamonaviy mexanizm asosida tashkil etilmoqda, – deydi Ko‘kgumbaz mahallasi hokim yordamchisi Sherzod Norqulov. – O‘quv mashg‘ulotlari davomida har birimiz asosiy vazifamiz nima ekani, uni qanday ro‘yobga chiqarishimiz mumkinligi, “mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorligi kabi masalalarda aniq ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Shu bilan birgalikda ushbu seminar tajriba almashish maydoni sifatida ham xizmat qildi. Masalan, o‘zimizning mahalla misolida olsak, qisqa muddatlarda ishsizlik, jinoyat va huquqbuzarlik, oilaviy ajrimlardan holi hududga aylantirishni, shuningdek, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhiti rivojlangan mahalla sifatida namuna ko‘rsatishni oldimizga maqsad qilyapmiz. Agar har kim o‘z burchi, vazifasini vijdonan bajarsa, mahalla jamoasi bir yoqadan bosh chiqarib ishlasa, buning imkoni bor.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM