insurez
16-03-2024 10:48


Yoshlar festivali Jomboyda

“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi bayram festivali tumanimizda yuqori saviyada nishonlandi. Erta tongdan avtomobil zavodi yaqinidagi maydonda 10 mingga yaqin yurtdoshlarimiz yig‘ildi. Tuman markazi tomon harakatlangan “Salomatlik uchun 5 ming qadam” piyoda yurish marafonida yigit­qizlar, nuroniylar, shifokorlar, sportchilar, davlat xizmatchilari va boshqa turli qatlam vakillari qatnashdi.

Tuman hokimligi, ichki ishlar, milliy gvardiya tuzilmalari, yoshlar va sport bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ertalabki badantarbiya mashqlari bajarildi.

Festival doirasida turli sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘tkazildi. Jumladan, tuman sport maktabida kamondan o‘q otish bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Boks, karate va milliy kurash bo‘yicha bellashuv iqtidorli yoshlar uchun o‘zini namoyon etish imkonini berdi.

Bolalar musiqa va san’at  maktabida raqs hamda rassomchilik tanlovi start oldi. Shuningdek, tibbiyot birlashmasi tashabbusi bilan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi fitobar, axborot-kutubxona markazining kitoblar ko‘rgazmasi yoshlarni qiziqtirgan nuqtalardan bo‘ldi.

Yoshlarimiz tadbirkorlik yo‘nalishida ham yuqori natijalarga erishayotgani quvonarlidir. Imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z ishini yo‘lga qo‘yib olgan yigit-qizlar safi kengayib bormoqda. Ahmadjon Qurbonov mahallasida yashovchi Abduaziz Toshpo‘latov shulardan biridir. U “Biznesga birinchi qadam” loyihasi doirasida 30 million so‘m imtiyozli kredit olib, tikuvchilik sexi va kibersport markazi tashkil qilgan. Natijada 6 nafar mahalla yoshlari ish bilan ta’minlandi. Festival doirasida markaz foydalanishga topshirildi.

Istirohat bog‘ida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi. Shu doirada “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ham tashkil qilindi. Unda tuman hokimi va sektor rahbarlari yoshlarning murojaat va takliflarini qabul qilishdi.

Katta qishloq mahallasidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida kasblar tanlovi o‘tkazildi. Tadbirda yoshlarimiz ayollar sartaroshligi, kashtachilik, tikuvchilik, suvoqchilik, chilangarlik yo‘nalishlarida kuch sinashdi. G‘oliblar munosib taqdirlandi.

Joriy o‘quv yilida tumanimiz umumta’lim maktablarining 11-sinfini 2029 nafar yigit-qizlar bitirishdi. Ularning 54 nafari oltin, 24 nafari kumush medalga sazovor bo‘lgan. Festivalning navbatdagi manzili “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot maktabi bo‘ldi. Tuman hokimi Qayum Sobirov, senator Gavhar Alimova ishtirokida maktabni a’lo darajadagi yutuqlari bilan tamomlagan o‘quvchilarga oltin va kumush medallari tantanali topshirildi.

Adliya bo‘limi tashabbusi bilan “Mening qonunim – mening taqdirim” shiori ostida huquq bilimdonlari ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Tadbirda uyushmagan yoshlar faol qatnashdi.

“Umid” klubining navbatdagi mashg‘uloti ham “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tdi. Ustoz ijodkorlar Hafiza O‘sarova, Xo‘rozboy Abdusalomov, Abdualim Sulaymonov, To‘rabek Qosimov so‘zga chiqib, hozirgi o‘zbek adabiy jarayoni haqida yoshlarga tushuncha berishdi. Yoshlik va Vatan madhiga bag‘ishlangan she’rlar bahribaytga ulandi.

“Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Tuman tibbiyot birlashmasi sovrini uchun tashkil etilgan bilim bellashuvida “Salomatlik posbonlari”, “Yangi O‘zbekiston yoshlari”, “Mahalla fidoyilari”, “Nuroniylar” jamoalari bahs olib bordi.

Oqshom cho‘kishi bilan yoshlar tuman markaziy o‘yingohida jam bo‘ldi. Tashkil etilgan gala-konsertda jomboylik yosh san’atkorlar jamoasi o‘z chiqishlari bilan mehmonlarni xushnud etdi. Elimiz suygan san’atkorlar, so‘z ustasi Ortiq Sultonov, “Nihol” davlat mukofoti sohibi Otabek Mutalxo‘jayev jomboylik muxlislar davrasida kuyladi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda faollik ko‘rsatayotgan turli soha vakillari taqdirlandi. Gala-konsert mushakbozlik bilan yakunlandi.

Teglar
Insurance Policy