Sessiya: Tadbirkorlik uchun 55 milliard so‘m kredit ajratiladi
Xalq deputatlari tuman kengashining 101-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2024-yil 1-chorak davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.Qayd etilishicha, hisobot davrida hududiy investitsiya dasturi doirasida 46,5 milliard so‘mlik 8 ta loyiha amalga oshirilgan, 48 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Shuningdek, 543,1 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi 2901,8 ming so‘mga yetgan. Xizmat ko‘rsatish va qurilish-pudrat ishlari esa mos ravishda 210 milliard hamda 53,7 milliard so‘mga oshgan.
Ta’kidlanishicha, 2024-yil davomida aholini doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarga band qilish maqsadida 24 354 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi reja qilingan. Yanvar-fevral oylarida 1681 nafar ishsiz bandligi ta’minlangan.
Kun tartibidagi ikkinchi masala bo‘yicha, 2024-yilda jomboyliklarning tadbirkorlik maqsadlarini amalga oshirish uchun 55 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratilishi ta’kidlandi. Birinchi chorak moboynida 73 nafar fuqarolarga 632 million so‘m mablag‘ ajratilgani ochiqlandi.
Sessiyada majburiy ijro byurosining 2023-yil davomidagi faoliyati tahlil qilindi. Aytilishicha, so‘nggi 12 oy davomida byuro xodimlari tomonidan 229,4 milliard so‘mlik 27,341 ta ijro hujjati yuritilgan. Shundan 8380 ta ijro ishi yakunlanib, 66,6 milliard so‘m mablag‘ undirilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi tomonidan tabiat ifloslanishining oldini olish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda sohaga doir nazoratni olib borish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala ham kun tartibiga kiritilgan edi. Bo‘lim rahbariyatining mas’uliyatsizligi oqibatida ushbu mavzu doimiy komissiya yig‘inida ko‘rilmagani uchun kun tartibidan chiqarildi. Viloyat rahbariyatiga taqdimnoma yuborilishi belgilandi.