insurez
16-03-2024 10:45


Boshqaruv apparatining vazifalari va funksiyalari

Quyidagilar boshqaruv apparatining vazifalari hisoblanadi:

hokimning Konstitutsiya va qonunlar, Prezident farmonlari, qaror va farmoyishlarida, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida, mahalliy kengash qarorlarida belgilangan vakolatlari amalga oshirilishini davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ta’minlash;

aholini tadbirkor qilish maqsadida ular bilan tijorat banklari o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun har bir xonadonga kompleks bank va moliyaviy xizmatlarni taklif qilish orqali imtiyozli kreditlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarini kompleks tahlil qilish, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasini, tarkibiy va institutsional o‘zgartirishlarni, tuman byudjeti ijrosining tizimli monitoringini olib borish;

Prezident tomonidan belgilanadigan muhim ustuvor vazifalarga muvofiq tumanni kompleks rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, hudud iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini kompleks rivojlantirishning asosiy dasturlari, shu jumladan, sanoat, investitsiya, mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligining barcha sohasini, xizmatlar tarmog‘ini rivojlantirish kabi maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

tuman iqtisodiyotida, avvalo, sanoat va qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgartirishlar amalga oshirilishini ta’minlash;

tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ta’minlash, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquqlari va kafolatlarini ta’minlash yuzasidan hududiy boshqaruv organlari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish;

tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, hududiy investitsiya dasturlari, ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash, texnik yangilash va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlari, mahalliylashtirish dasturi, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalash dasturlari, shuningdek boshqa hududiy dasturlar amalga oshirilishining monitoringini olib borish;

tuman iqtisodiyotining raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, fermer xo‘jaliklari, xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportdagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni tashkil etish;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvatlash, ularning huquqini himoya qilish va erkinliklarining kafolatli ta’minlash, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishni kengaytirish;

inson manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa aholining qishloq joylarda hayot darajasi va sifatini oshirish, yanada farovon hayot kechirishi uchun pensiya va nafaqalar, real daromadlarini barqaror oshirish manbaalarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, hududiy boshqaruv organlarining, boshqa tashkilotlarning yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy sohani rivojlantirishga doir ishlarini muvofiqlashtirish;

yoshlarni, xususan, ta’lim bilan qamrab olingan yoshlar, uyushmagan yoshlar, yosh mutaxassislar, yosh tadbirkor, yosh fermer, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, malakali tibbiy yordam olish, madaniy meroslardan baxramand bo‘lish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, dam olishini tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

aholining ijtimoiy ehtiyoj va talablarini o‘rganish asosida hududlarda ijtimoiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini monitoring qilish;

qonuniylikni, huquq-tartibotni va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, tabiiy ofatlar, epidemiya va boshqa ekstremal holatlar oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish;

rivojlantirishning maqsadli davlat dasturlari amalga oshirilishi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, tegishli xalq deputatlari Kengashi va hokimning qarorlari bajarilishini tashkil etish;

xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimning hujjatlari loyihalarini har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy jihatdan ishlab chiqish, shu jumladan ularning ayrim tarmoqlarga va umuman tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qisqa muddatli va uzoq muddatli ta’sirini kompleks baholash. 

Boshqaruv apparati o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari, tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashining qarorlari va topshiriqlari bilan hokimlikka yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

Tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashi, hokim va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlari va qarorlari bo‘yicha tegishli tahliliy, ma’lumotnoma, statistik materiallar va takliflarni umumlashtiradi va tayyorlaydi, shuningdek hokim tomonidan ko‘rib chiqilishi talab etiladigan masalalarni har tomonlama puxta ishlab chiqilishini ta’minlaydi;

Viloyatiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek xalq deputatlari tuman Kengashi va hokim tomonidan qabul qilinadigan qarorlar loyihalari har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy jihatdan ishlab chiqadi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashining qarorlari bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni tashkil etadi, ularning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni va nazorat rejalarini ishlab chiqadi;

muammoli masalalarni hal qilish hamda tumanni, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini amalga oshirish yuzasidan takliflar va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda hokim va uning o‘rinbosarlariga taqdim etadi;

iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning muhim ustuvor vazifalari, davlat dasturlari amalga oshirilishi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, hokimlikning qarorlari bajarilishi bo‘yicha tegishli tizimlangan ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;

xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalari, hokim va uning o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tkaziladigan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlar o‘tkazilishini ta’minlaydi, qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishini nazorat qiladi;

xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimlikning komissiyalari hamda boshqa ishchi organlari ishlarini tashkil etadi, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

hokimlikning ish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi hamda viloyat hokimligi apparatlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

doimiy ravishda joylarda bo‘lib aholini talabi va fikrini o‘rganib boradi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq ko‘rib chiqadi;

maxfiylik rejimini, davlat siri bo‘lgan ma’lumotlar hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirlarning himoya qilinishini ta’minlaydi;

xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimlikning faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda jamoatchilikni xabardor qilishni tashkil etadi.

Boshqaruv apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajaradi.

Teglar
Insurance Policy