Jomboy tarixidan tomchilar
Jomboy o‘zining boy tarixi, mashhur insonlari bilan nafaqat Samarqand viloyati, balki respublikamizda ham salmoqli o‘ringa ega. Uning tarixida o‘qilmagan sahifalar, nomi e’zozga munosib insonlar ko‘p.
XV-XVI asrlarda yozilgan ayrim manbalarda hozirgi Jomboy tumani Aliobod mavzeci sifatida tilga olingan. Shuning uchun ham Jomboy Samarqandning eng qo‘hna tumanlaridan biri, deyishga asosimiz bor.
Eski Jomboy qishlog‘idan Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan bo‘lib, Sharq va G‘arbni savdo aloqasi bilan bog‘lashda muhim ahamiyat kasb etgan. Ya’ni, bu yer Toshkent, Xo‘jand, O‘ratepa, Jizzax, Buxoro, Qarshi, Chorjo‘y kabi shaharlar bilan aloqa yo‘li ustida bo‘lgan. Qishloqdagi mashhur “Bekat” binosi ham fikrimizning dalili bo‘la oladi. Qadimda bunday bekatlar tumanimiz hududida ko‘p bo‘lgan.
XX asrning o‘rtalarigacha Eski Jomboydan tuya karvonlari o‘tganini yaxshi eslashadi. Aytishlaricha, shu yerlik Haydarboy Abdujabbarovning hovlisiga tuya karvonlari qo‘nib, dam olib, so‘ngra Samarqand shahriga kirgan. Qaytishda ham shu karvonsaroyda to‘xtab, so‘ng yo‘liga ravona bo‘lgan. Shuning uchun ham azaldan qishloq gavjum bo‘lib, bu yerda savdo rastalari, do‘konlar ko‘p bo‘lgan.
“Jomboy” so‘zining kelib chiqishi haqida turlicha fikr va qarashlar mavjud. O‘zbek olimlari Z.Do‘smonov va H.Egamov hammuallifligidagi “Joy nomlarining qisqacha izohli lug‘ati” kitobida “Jomboy” so‘zi quyidagicha izohlanadi: “Jomboy” qishloq. Samarqand viloyatining Jomboy tumani. Toponimning jom yoki yom (“bekat”, “istehkom”) so‘zi bilan aloqasi yo‘q”.
Jomboy tumanining Dehqonobod qo‘rg‘onida yashab, 100 yil umr ko‘rgan marhum Hotamjon Qulmatov “Jomboy” so‘zi aslida “Chimboy” so‘zidan kelib chiqqan, degan fikrni tasdiqlagandi.
– Rivoyatga ko‘ra, – degan edi Hotam bobo, – qadimda Eron shohi navkarlari bilan Zarafshon daryosi bo‘yiga keladi. Bu oromgoh (hozirgi Jomboy tumani) maftunkor manzarasi bilan ularni lol qoldiradi. Ammo shunday go‘zal go‘shada inson zoti yo‘qligiga hayron qoladi. Shikordan murodi hosil bo‘lgach, shoh navkarlariga qoraqalpoq elatiga mansub bo‘lgan urug‘ning bir guruhini shu yerga ko‘chirishni buyuradi. Tabiatning bu go‘zal maskani hayvonot va o‘simlik olamiga boy bo‘lgan. Shunday ajoyib joyga qadamjo qilgan kishilar savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yishgan. Ularning ichida Chimboy ismli badavlat kishi bozor ochgan. Bozor ko‘ngil istagan narsalarga boyligi bilan chor-atrofga dong taratgan. Keyinchalik, boshqa yerlardan ham savdogarlar kelib, muqim yashay boshlashgan. So‘ng ular kelib chiqishiga ko‘ra, urug‘-urug‘ga ajraladi. Ammo o‘sha mashhur bozorga asos solgan Chimboy ismli kishining nomi asrlar osha buzilgan holda talqin etilib, bizga yetib kelgan va Jomboy tarzida saqlanib qolgan.
Albatta, bu bir rivoyat. Lekin, har qanday rivoyat zamirida ozmi-ko‘pmi xalqimiz tarixi, haqiqati yotishini unutmasligimiz lozim.
Jomboylik keksalarning eslashicha, Bekat qishlog‘ida Jiyanboy degan kishi yashagan. Shu kishi qishloqni obodonlashtirish uchun juda ko‘p xizmat qilgan. Yilla o‘tgan sayin “Jiyanboy” so‘zi “Jonboy”, keyinchalik “Jomboy” deya atalgan emish.
Dotsent Jahongir Qo‘chqorovning “Jomboy so‘zining etimologiyasiga doir mulohazalar” maqolasida aytilishicha, tumanda yashovchi asosiy aholi bir xil shevada, ya’ni “j”lovchilar dialektida gaplashadi. Jomboy shevasini Shayboniy o‘zbeklar yoki “j”lovchi turkumiga kiritish mumkin. Bu dialektda so‘zlovchi xalqlar o‘tmishda ko‘chmanchi yoki yarim ko‘chmanchi holda yashagan. Turli urug‘ va qabilalarga mansub o‘zbeklar, chunonchi, xitoy, qipchoq, mang‘it, qoraqalpoq, nayman, ming, yuz, qirq kabi urug‘lar shevasini o‘z ichiga olgan. Bu shevada gaplashuvchi o‘zbeklar XV-XVI asrdan boshlab hozirgi O‘zbekistonning turli hududlarida – Shimoliy Xorazm, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari, Ohangaron va Farg‘ona vodiysida, Tojikistonning G‘arbiy-Janubiy qismida joylashgan.
Amir Temur va temuriylar davriga oid manbalarda tumanimiz hududi Sheroz va Kanboy nomi bilan yuritilgani haqida qaydlar uchraydi. Shoir, tarixchi va etnograf Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarini olaylik.
“Sheroz va Kanboy navohisidin Mahdiy Sulton qochib, Samarqand bordi... Biz bir-ikki kundin so‘ng Sheroz qo‘rg‘onig‘a yettuk... Dorug‘asi saqlay olmay, qo‘rg‘onni berdi”.
Demak, Jomboy hududi o‘sha davrda shunchaki kenglik emas, alohida nohiya (tuman) bo‘lgan. Qolaversa, Beshbola mahallasidagi Avliyo Qoraxon bobo masjidi va shu nomdagi qabriston tarixi ham Amir Temur bilan bog‘liq.
Rivoyatga ko‘ra, Samarqandni poytaxt tutgan Sohibqiron tevarak-atrof haqida ma’lumot to‘plashni buyuradi. Unga shu kunchiqar tomondagi oq qo‘rg‘on xabarini berishadi. Emishki, u manzilni to‘p bilan ham egallash imkonsizmish. Otilgan to‘fang o‘qlari ortga qaytarmish.
Qo‘rg‘onda azizlar makon tutganini sezgan sarkarda piyoda kelib, ichkari kiradi. Darhaqiqat, oq tuyali taqvodor insonlar ibodat bilan band ekan. Keyinchalik Amir Temur shu hududda yangi masjid qurdiradi.
Hozirgi Avliyo Qoraxon bobo qabristonining sharqiy qismida qachonlardir qo‘rg‘on bo‘lgan. G‘arbiy tomoni Shayxaton qishlog‘iga tutashgan.
Tumanimiz tarixi haqida fikr yuritganimizda yana bir temuriyzoda – ulug‘ olim va mutafakkir Mirzo Ulug‘bekni alohida faxr bilan tilga olishimiz kerak. XV asrda bevosita uning tashabbusi bilan kanal barpo etilgan. Shuning uchun ham xalqimiz o‘sha davrdan buyon bu zilol obi-hayot maskanini ulug‘ bobomiz nomi sharafiga “Mirzo ariq” deya atab keladi.
Mirzo ariq XV asrda Sultoniy nomi bilan yuritilgan bo‘lib, Zarafshon daryosidan suv olgan. O‘sha davrda Samarqand shahrining sharqidagi yerlarga suv bergan. Mirzo ariqdan ko‘plab ariq-shoxobchalar chiqarilgan. Demak, Jomboy tumanida obikor dehqonchilik qadimdan rivoj topgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur...
Ulug‘ shoir, bir vaqtning o‘zida temuriylar tojdorlardan edi. Abu Said Mirzo o‘limidan so‘ng boshlangan taxt talashuvlar uni ham chetlab o‘tmagan. Boburning boshqa shahzodalardan farqli bir jihati bo‘lganini tan olish kerak. U bobokaloni davridagidek Samarqand atrofida butun saltanatni birlashtirish, aholiga omonlik, tinchlik, osuda hayot in’om etish istagida edi. Ijodkorga xos qalbi bilan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Zero, 1497 yil kuzida Samarqandni egallagach, oddiy fuqaroga non va osh tarqatgani tarixiy fakt.
Afsuski, zamon dolg‘asi ulug‘ shoir va zakovatli sarkardaga poytaxtni uzoq idora qilish imkonini bermaydi. U 100 kun o‘tib avval Marg‘ilon, so‘ng Andijonga qaytadi. Shunday bo‘lsa-da, Samarqand xayoli Boburni bir lahza tinch qo‘ygan emas. Nihoyat, 1500 yilda ikkinchi bor Samarqand shahrini egallagach, obodonchilikka bel bog‘laydi. Ziyolilarni qo‘llab-quvvatlash, hurmatini joyiga qo‘yish ga kirishadi.
Zahiriddin Muhammad Boburning Jomboyga aloqadorligi ana shu vaqtga to‘g‘ri kelgan. Taassufki, bu boradagi tarixiy manbalar kam.
Aytishlaricha, tumanimiz janubidagi Chalaqo‘rg‘on qishlog‘i aynan temuriy shahzoda Bobur tomonidan bunyod etilgan.
Bevaqt boshlangan harbiy yurish qo‘rg‘on qurilishining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan. Qishloqning bunday nomlanish sababi ham shundan.
Har ne bo‘lganda ham, tarixiy manbalarga suyangan holda ishonch bilan ayta olamizki, Amir Temurga munosib avlod bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur bizning tumanimizga kelgan. Shu zamindan yetishib chiqqan allomalar suhbatida bo‘lgan. Bundan jomboyliklar har qancha faxrlansak arziydi.
Jomboy tumani hududida tepaliklar ko‘p uchraydi. Ular olis o‘tmish yodgorliklari. 2019 yilda Nogahon mahallasining Yakonshayx qabristoni yonidagi tepalik bag‘ridan qadimiy tangalar topildi.
Mahalliy aholining aytishicha, Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui qurilishi uchun bu yerdan tuproq olib ketilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, qazishma joyidan qadimiy sopol parchalari, mis chaqalar topib olingan.
Tangalar shaklan bir xil emas. Qirrasi aniq tartibga solinmagan. Sirtidagi matnlarga qaraganda, bir necha turkumga mansub. Temuriylar davriga oid. Bunday deyishimizga qator sabablar bor. Avvalo, ularning birida sezilar sezilmas 896 sanasi qayd etilgan. Katta ehtimol bilan hijriy-qamariy yil bo‘yicha zarb etilgan vaqtga ishora qilsa kerak. Milodiy hisobda esa 1491 yilga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Movarounnahrda temuriylar hukmronlik qilardi.
Boshqa tangalarda raqamlar uchramaydi. Naqshinkor arabeska uslubidagi matnlarda “fuls” va “Alloh” so‘zlari ajralib turibdi.
Markaziy Osiyo numizmatikasini mufassal o‘rgangan olim Irpan Tuxtiev “Temur va temuriylar sulolasining tangalari” risolasida “Amir Temur tangalarida biz arabcha, forscha, turkcha va mo‘g‘ulcha so‘zlarni o‘qiymiz”, deb yozadi. Fikrini davom ettirib, temuriylar tangasida forscha “zarb” so‘zi ko‘p qo‘llanganini ta’kidlaydi. E’tiborlisi, tumanimizdan topilgan tangalarda ham shunga o‘xshash matn uchraydi.
Bular albatta taxminiy fikrlar. Asosiysi, Jomboy tumanida olti-yetti asr avval ham ijtimoiy-madaniy hayot kurtaklari bo‘lgan. Savdo-sotiq, pul muomalasi rivojlangan.