insurez
16-03-2024 10:49


Tuman hokimligi boshqaruv apparati to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu nizom “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun hamda 2016 yil 22 dekabrda qabul qilingan “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq tuman hokimligi boshqaruv apparatining vazifalari, funksiyalari, huquq va mas’uliyati hamda faoliyatni tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Boshqaruv apparati o‘z faoliyatida Konstitutsiya, qonunlar, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, xalq deputatlari tuman kengashi va hokimlikning hujjatlariga tayanib ish ko‘radi.

3. Boshqaruv apparati hokimlik faoliyatini axborot-tahliliy, huquqiy, tashkiliy-texnik va moliyaviy-xo‘jalik jihatidan ta’minlaydi, xalq deputatlari tuman kengashi majlislari uning reglamentiga muvofiq o‘tkazilishini tashkil qiladi, kengash va hokimlik hujjatlari loyihasini tayyorlaydi, ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy
chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va ijroni muntazam ravishda nazorat qiladi.

Boshqaruv apparati xalq deputatlari tuman kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnik va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

4. Boshqaruv apparati o‘z faoliyatini hokimning rahbarligida amalga oshiradi.

5. Boshqaruv apparati o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarishda viloyat hokimligi, tegishli viloyatga bo‘ysunuvchi tuman hokimligi apparatlari, shuningdek davlatning boshqa organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

 

II. Boshqaruv apparatining vazifalari va funksiyalari

6. Quyidagilar boshqaruv apparatining vazifalari hisoblanadi:

hokimning Konstitutsiya va qonunlar, Prezident farmonlari, qaror va farmoyishlarida, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida, mahalliy kengash qarorlarida belgilangan vakolatlari amalga oshirilishini davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ta’minlash;

aholini tadbirkor qilish maqsadida ular bilan tijorat banklari o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun har bir xonadonga kompleks bank va moliyaviy xizmatlarni taklif qilish orqali imtiyozli kreditlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarini kompleks tahlil qilish, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasini, tarkibiy va institutsional o‘zgartirishlarni, tuman byudjeti ijrosining tizimli monitoringini olib borish;

Prezident tomonidan belgilanadigan muhim ustuvor vazifalarga muvofiq tumanni kompleks rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, hudud iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini kompleks rivojlantirishning asosiy dasturlari, shu jumladan, sanoat, investitsiya, mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligining barcha sohasini, xizmatlar tarmog‘ini rivojlantirish kabi maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

tuman iqtisodiyotida, avvalo, sanoat va qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgartirishlar amalga oshirilishini ta’minlash;

tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ta’minlash, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquqlari va kafolatlarini ta’minlash yuzasidan hududiy boshqaruv organlari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish;

tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, hududiy investitsiya dasturlari, ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash, texnik yangilash va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlari, mahalliylashtirish dasturi, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalash dasturlari, shuningdek boshqa hududiy dasturlar amalga oshirilishining monitoringini olib borish;

tuman iqtisodiyotining raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, fermer xo‘jaliklari, xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportdagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni tashkil etish;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvatlash, ularning huquqini himoya qilish va erkinliklarining kafolatli ta’minlash, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishni kengaytirish;

inson manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa aholining qishloq joylarda hayot darajasi va sifatini oshirish, yanada farovon hayot kechirishi uchun pensiya va nafaqalar, real daromadlarini barqaror oshirish manbaalarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, hududiy boshqaruv organlarining, boshqa tashkilotlarning yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy sohani rivojlantirishga doir ishlarini muvofiqlashtirish;

yoshlarni, xususan, ta’lim bilan qamrab olingan yoshlar, uyushmagan yoshlar, yosh mutaxassislar, yosh tadbirkor, yosh fermer, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, malakali tibbiy yordam olish, madaniy meroslardan baxramand bo‘lish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, dam olishini tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

aholining ijtimoiy ehtiyoj va talablarini o‘rganish asosida hududlarda ijtimoiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini monitoring qilish;

qonuniylikni, huquq-tartibotni va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, tabiiy ofatlar, epidemiya va boshqa ekstremal holatlar oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish;

rivojlantirishning maqsadli davlat dasturlari amalga oshirilishi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, tegishli xalq deputatlari Kengashi va hokimning qarorlari bajarilishini tashkil etish;

xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimning hujjatlari loyihalarini har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy jihatdan ishlab chiqish, shu jumladan ularning ayrim tarmoqlarga va umuman tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qisqa muddatli va uzoq muddatli ta’sirini kompleks baholash. 

7. Boshqaruv apparati o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari, tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashining qarorlari va topshiriqlari bilan hokimlikka yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

Tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashi, hokim va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlari va qarorlari bo‘yicha tegishli tahliliy, ma’lumotnoma, statistik materiallar va takliflarni umumlashtiradi va tayyorlaydi, shuningdek hokim tomonidan ko‘rib chiqilishi talab etiladigan masalalarni har tomonlama puxta ishlab chiqilishini ta’minlaydi;

Viloyatiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek xalq deputatlari tuman Kengashi va hokim tomonidan qabul qilinadigan qarorlar loyihalari har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy jihatdan ishlab chiqadi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashining qarorlari bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni tashkil etadi, ularning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni va nazorat rejalarini ishlab chiqadi;

muammoli masalalarni hal qilish hamda tumanni, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini amalga oshirish yuzasidan takliflar va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda hokim va uning o‘rinbosarlariga taqdim etadi;

iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning muhim ustuvor vazifalari, davlat dasturlari amalga oshirilishi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, hokimlikning qarorlari bajarilishi bo‘yicha tegishli tizimlangan ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;

xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalari, hokim va uning o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tkaziladigan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlar o‘tkazilishini ta’minlaydi, qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishini nazorat qiladi;

xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimlikning komissiyalari hamda boshqa ishchi organlari ishlarini tashkil etadi, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

hokimlikning ish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi hamda viloyat hokimligi apparatlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

doimiy ravishda joylarda bo‘lib aholini talabi va fikrini o‘rganib boradi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq ko‘rib chiqadi;

maxfiylik rejimini, davlat siri bo‘lgan ma’lumotlar hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirlarning himoya qilinishini ta’minlaydi;

xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimlikning faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda jamoatchilikni xabardor qilishni tashkil etadi.

Boshqaruv apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajaradi.

 

III. Boshqaruv apparatining huquqlari va javobgarligi

8. Boshqaruv apparati o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

hokimlikda ko‘rib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma’lumotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalaridan hamda boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda so‘rash va olish;

zarurat bo‘lganda, hokimlikda ko‘rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek xalq deputatlari Kengashi va hokimning hujjatlari va qarorlari loyihalarini tayyorlash uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining, boshqa tashkilotlarning rahbarlari va xodimlarini belgilangan tartibda taklif etish, ushbu maqsadlar uchun vaqtinchalik ekspert guruhlari tashkil etish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalaridan, boshqa tashkilotlardan ular tomonidan kiritilgan xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimning hujjatlari va qarorlari loyihalarini puxta qayta ishlashni belgilangan tartibda talab qilish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalari, boshqa tashkilotlar rahbarlari va xodimlari ishtirokida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning aniq masalalari ko‘rib chiqilishini va muhokama qilinishini tashkil etish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalari, boshqa tashkilotlar rahbarlariga tezkorlik bilan hal etishni talab qiladigan hamda boshqaruv apparatiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;

normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa hujjatlarni, shuningdek hokim va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlarini bajarish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining, boshqa tashkilotlarning ishlarini belgilangan tartibda o‘rganish va tekshirish.

9. Boshqaruv apparati:

o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari apparatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati, tegishli xalq deputatlari Kengashi, viloyat hokimligi topshiriqlariga muvofiq takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama va o‘z vaqtida tayyorlanishi;

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarining, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishining tizimli monitoringi olib borilishi, hokimning ko‘rib chiqishi va qaror qabul qilishini talab etuvchi muammoli masalalar sabablarining o‘z vaqtida aniqlanishi va takliflar tayyorlanishi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tuman hokimligiga kiritiladigan takliflar va hujjatlarning sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqishning tashkil etilishi, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi, shuningdek asoslangan xulosalar tayyorlanishi;

viloyat hokimligiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar va takliflar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish sifati, shuningdek kiritilgan loyihalar hamda qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomi ta’minlanishi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, viloyat hokimligining qarorlari, shuningdek hokimlik rahbariyati topshiriqlarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi holatining o‘z vaqtida o‘rganilishi uchun javob beradi.

 

IV. Boshqaruv apparatining tuzilmasi

10. Boshqaruv apparatining tuzilmasi hokimning yordamchisi, chegara tumanlarda hokimning chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi, tashkiliy-nazorat guruhi, sohalar bo‘yicha bosh va yetakchi mutaxassislar, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaning mas’ul kotibi, bosh yuristkonsult, buxgalteriya va devonxonadan iborat bo‘ladi.

Boshqaruv apparatining tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 dekabrdagi “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-2691-son qarori talablariga muvofiq belgilanadi.

11. Boshqaruv apparatining ishlari hokim tomonidan tasdiqlanadigan Boshqaruv apparati to‘g‘risidagi Nizomga va xodimlarning funksional vazifalariga, ushbu Nizomga, Ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnomaga, tashkiliy-nazorat guruhi to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq tashkil etiladi.

12. Hokimning yordamchisi, chegara tumanlarda hokimning chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi, tashkiliy-nazorat guruhi, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaning mas’ul kotibi, bosh yuristkonsult, buxgalteriya va devonxona o‘z faoliyatida hokimga bo‘ysunadi.

Sohalar bo‘yicha mutaxassislar o‘z faoliyatida hokimga va o‘zlari mas’ul bo‘lgan sohaga ko‘ra hokimning tegishli o‘rinbosarlariga bo‘ysunadi.

13. Tashkiliy-nazorat guruhi rahbari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hokimning qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Hokimning yordamchisi va boshqaruv apparatining boshqa xodimlari hokimning farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

14. Tashkiliy-nazorat guruhi, buxgalteriya va devonxona to‘g‘risidagi nizomlar, shuningdek ular xodimlarining, hokim yordamchisining, chegara masalalari bo‘yicha yordamchisining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya mas’ul kotibining, sohalar bo‘yicha bosh va yetakchi mutaxassislar hamda bosh yuristkonsultning funksional vazifalari hokim tomonidan tasdiqlanadi.

 

V. Boshqaruv apparati faoliyatini tashkil etish

15. Boshqaruv apparati ishlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, boshqa qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosatining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlariga, viloyat hokimligining qarorlariga, hokimning va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlariga muvofiq, shuningdek hokimlik, tarkibiy bo‘linmalar, ularning rahbarlari va mutaxassislarining ish rejalari asosida tashkil etiladi.

16. Tashkiliy-nazorat guruhi rahbari:

ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, tegishli xalq deputatlari Kengashi va viloyatlar hokimliklari, shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimning hujjatlari va qarorlari bajarilishini nazorat qiladi;

belgilangan tartibda Hokimlik ish rejasi loyihasini shakllantiradi, uning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;

boshqaruv apparati rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ularni rag‘batlantirish va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi takliflarni hokimning ko‘rib chiqishi uchun belgilangan tartibda kiritadi;

tasdiqlangan lavozimlar nomenklaturasiga muvofiq kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, mutaxassislarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish chora-tadbirlari kompleksini amalga oshiradi, ko‘rib chiqilayotgan nomzodlar bo‘yicha materiallarni har tomonlama o‘rganishni va ishonchli materiallar tayyorlashni ta’minlaydi;

kelgusida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish uchun boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish ishlarini tashkil etadi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining, xo‘jalik birlashmalarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqaruv kadrlari faoliyatining tizimli monitoringini olib boradi;

boshqaruv kadrlarini hisobga olish, ularning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini shakllantirish va yuritish ishlarini tashkil qiladi;

zaxiraga kiritilgan boshqaruv kadrlarining kasbiy bilimlarini doimiy takomillashtirish, malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ishlarini tashkil qiladi;

hokimlarning mutasaddilik qiladigan o‘rinbosarlari bilan birgalikda hokimlik apparati kadrlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqaruv kadrlari va ularning zaxirasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirishni va doimiy yangilab borishni ta’minlaydi;

tashkiliy-kadrlar masalalari bo‘yicha hokimning qarorlari va boshqa huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, hokim rahbarligida o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, majlislar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish chora-tadbirlarini ko‘radi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari saylovlarini, O‘zbekiston Respublikasi referendumlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tegishli saylov komissiyalariga yordam ko‘rsatadi;

xalq deputatlari Kengashining, uning komissiyalarining va boshqa ishchi organlarning faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlaydi, deputatlarga ularning o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi;

fuqarolarning mahalla yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovlarini tashkil etish va o‘tkazishda hududiy davlat organlariga ko‘maklashadi;

Tashkiliy-nazorat guruhi to‘g‘risidagi Nizomga va hokimning qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

17. Yuridik xizmatning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2733 hamda Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 24 avgustdagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy ta’minlash darajasini yanadaoshirishchora-tadbirlarito‘g‘risida”gi182-sonqaroribilantasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi.

18. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya mas’ul kotibining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 
17 yanvardagi 13-son qarori bilan tasdiqlangan Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi.

19. Hokimning chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish, chegaralar yaqinidagi muommalarni hal etish, nolegal migratsiyaga qarshi kurashish, respublika hududiga tovarlar va kontrafakt mahsulotlarni noqonuniy olib kirish masalalariga chek qo‘yish bilan bog‘liq tadbirlarni belgilangan tartibda amalga oshiradi;

chegara hududlardagi aholini turmush tarzidagi mavjud muammolarni aniqlab, ularni hal etish yuzasidan hokimga taklif kiritib boradi;

hokim tomonidan yuklangan va hokim yordamchisining funksional vazifalarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni belgilangan tartibda amalga oshiradi.

20. Hokimning yordamchisi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Devoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli viloyat hokimligining bevosita hokimga yo‘llangan yozma topshiriqlari to‘g‘risida o‘z vaqtida axborot berilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta’minlaydi va hokimning rezolyusiyasiga muvofiq uning ijrosini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Devoni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashi va viloyat hokimligining tegishli topshiriqlari bajarilishini nazorat qilish va tahlil etishni ta’minlaydi, ularning bajarilishi va natijalari to‘g‘risida hokimga axborot beradi;

hokimning joriy ish rejalarini shakllantirishda ishtirok etadi va ularning ijrosini tashkil etadi;

hokimning nomiga tushgan xat-xabarlarni tahlil qiladi, puxta ekspertizadan o‘tkazadi, zaruriyat bo‘lganda, boshqaruv apparatining tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda tegishli topshiriqlarni (fishkalarni) tayyorlaydi, tegishli materiallar haqida hokimga axborot beradi va imzolangan topshiriqlarning belgilangan tartibda ijrochilarga yuborilishini tashkil etadi;

jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining hokim tomonidan qabul qilinishini tashkil etadi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning og‘zaki, yozma va elektron murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan topshiriqlar bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlaydi;

hokim tomonidan yuklangan va hokim yordamchisining funksional vazifalarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni belgilangan tartibda amalga oshiradi.

21. Sohalar bo‘yicha bosh mutaxassis (etakchi mutaxassis, 1-toifali mutaxassis):

funksional vazifalar sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha ishlarni tashkil etadi hamda o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

o‘zi mas’ul bo‘lgan sohaga kiradigan masalalar bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimning hokimlikka kiritilgan takliflarlari hamda hujjatlari va qarorlari loyihalarini ko‘rib chiqishda davlat tamoyillariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlaydi, ularning ekspert jihatidan ishlab chiqilishini tashkil etadi, tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qo‘yadi. Tegishli hujjatlar va qarorlar qabul qilingandan keyin ularning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta’minlaydi;

tizimli monitoring tashkil etilishini va tegishli tarmoqlar hamda sohalarda iqtisodiy islohotlarning holati va natijadorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar banki shakllantirilishini, shuningdek muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini, tumanni rivojlantirishning istiqbolli vazifalari amalga oshirilishini ta’minlaydi;

materiallarni tayyorlashda va hokim va/yoki uning o‘rinbosari tomonidan o‘tkaziladigan majlislarda, shu jumladan har haftalik apparat yig‘ilishlarida va har xil komissiyalar yig‘ilishlarida qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi;

hokim va/yoki uning o‘rinbosari tomonidan o‘tkaziladigan majlislarda, shu jumladan har haftalik apparat yig‘ilishlarida va har xil komissiyalar majlislarida, shuningdek o‘zi mas’ul bo‘lgan sohaga kiruvchi masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan boshqa yig‘ilishlarda ishtirok etadi;

funksional vazifalarga muvofiq takliflar va hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishi, ishonchliligi va o‘z vaqtida tayyorlanishi hamda topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi yuzasidan nazoratning ta’minlanishi uchun shaxsan javob beradi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflar va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular bo‘yicha tahliliy materiallar va ekspert takliflarni tayyorlaydi, shuningdek ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur tarzda kelishilishini ta’minlaydi;

materiallar va hujjatlarning loyihalari to‘g‘risida hokim o‘rinbosariga axborot beradi;

qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha nazorat rejasini yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritadi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va sohalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joqarg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, tegishli xalq deputatlari Kengashi va viloyatlar hokimliklari qarorlari, xalq deputatlari tuman Kengashi va hokimning hujjatlari va qarorlari bajarilishini tizimli nazorat qiladi;

tegishli funksional masalalar va hujjatlar bo‘yicha tizimlashtirilgan ma’lumotlar bazasi shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilanishini tashkil etadi;

boshqaruv apparatida amal qiluvchi Yo‘riqnomaga muvofiq ish yuritilishini ta’minlaydi;

funksional vazifalarga muvofiq o‘ziga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.

22. Boshqaruv apparatining boshqa tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mutaxassislarining vazifalari va funksiyalari tegishli tarkibiy bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomlarda hamda hokim tomonidan tasdiqlanadigan funksional vazifalarni taqsimlashda belgilanadi.

23. Boshqaruv apparatini saqlash va moddiy-texnika jihatidan ta’minlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

Teglar
Insurance Policy